AQSHda 17 ming o‘zbekistonlik boshpana berilishini kutmoqda – OAV
Olam
−
01 mart
12526Markaziy Osiyo davlatlaridan 2023 yilda 50 mingdan ortiq odam AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. Bu haqda amerikalik senator Stiv Deynsga tayanib, “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining 40 ming fuqarosi boshpana berish bo‘yicha sud jarayonini kutmoqda. Ulardan 17 ming nafari O‘zbekiston, 7 ming nafari Qirg‘iziston, 3 ming nafari Tojikiston, 2,7 ming nafari Qozog‘iston, 2 ming nafari Turkmaniston fuqarolaridir.
AQSH chegarasidagi muhojirlar inqirozi fonida senator Stiv Deyns janubiy chegara orqali mamlakatga kirib kelayotgan terrorchilar tarmog‘i kuchayib borayotgani haqida ogohlantirgan. U mamlakat ichida teraktlar sodir etilishi ehtimolidan xavotir bildirgan. Uning fikricha, muhojirlar “terrorchilar yacheykasining bir qismi” bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2023 yil avgust oyida AQSHdan boshpana so‘ragan o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik muhojirlar FQB ularga mamlakat hududiga o‘tishga yordam bergan kontrabandachining ISHID bilan aloqasi borligini aniqlaganidan so‘ng tergov qilingan. Mahalliy matbuotning yozishicha, oktyabr oyidan beri FQB terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan kamida 50 kishi AQSH chegarasini kesib o‘tayotganda hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi noqonuniy yo‘llar, xususan Meksika chegarasi orqali AQSH chegarasini bosib kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqib, ular qo‘yib yuborilmasligi, aksincha, immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanishini ma’lum qilgandi. “Fox News” telekanali esa AQSH chegara xizmatidagi manbaga tayanib, 18 dekabr kuni Meksikadan bir kun ichida rekord darajada ko‘p (12,6 mingdan ortiq) odam AQSH bilan chegarani kesib o‘tishga uringanini xabar qilgandi.
Javohir Yo‘ldashov
LiveBarchasi