AQSHda 11 sentyabr teraktlari sabab joriy qilingan favqulodda holat uzaytirildi

Olam

image

Kecha, 9 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden mamlakatda 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin joriy etilgan favqulodda holatni bir yilga uzaytirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatda terrorchilik tahdidi saqlanib qolgani sababli, 2001 yil 14 sentyabrda e’lon qilingan favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi. 

Amaldagi qonunga ko‘ra, agar Prezident fojiali sananing navbatdagi yilligidan keyin 90 kun ichida Kongressga xabar yubormasa va AQSH Federal reyestrida e’lon qilish haqida buyruq bermasa, favqulodda holat avtomatik ravishda tugatiladi.

Favqulodda holat Prezidentga qo‘shimcha qonuniy vakolatlarni beradi. Masalan, Prezident iste’fodagi harbiy xizmatchilarni chaqirishi, harbiy ehtiyojlar uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha harbiylarning vakolatlarini kengaytirishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, 2001 yil 11 sentyabr AQSH tarixida o‘chmas “dog‘” bo‘lib qoldi. Shu kuni Amerikada dunyodagi eng qo‘rqinchli va qonli terrorchilik harakati amalga oshirildi. 

Yirik megapolislar Boston, Nyu-York va Vashingtondan havoga ko‘tarilgan 4 ta yo‘lovchi samolyotlarining boshqaruvini qo‘lga olgan bir guruh terrorchilar Nyu-York shahrida joylashgan egizak binolarga va Virjiniya shtatida joylashgan mamlakat Mudofaa vazirligining shtab kvartirasi – Pentagonga borib urildi.

Terrorchilarning Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi egizak binolarini qulatishi oqibatida 3 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, yana 6 ming atrofida odam talafot ko‘rgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nyu-Yorkda – 2753, Vashingtonda – 189, Pensilvaniyada – 44 kishi vafot etgan. Halok bo‘lganlar orasida 3 o‘zbekistonlik ham bo‘lgan. 

11 sentyabr xurujidan beri o‘tgan qariyb 20 yil davomida Nyu-Yorkning Manxetten tumani gullab-yashnadi. Shaharda qayta qurish ishlari hanuz davom etmoqda. Mahalliy aholi va sayyohlar Nyu-Yorkning tinch va xavfsiz ekanidan mamnun, ammo 2001 yilgi fojia ko‘pchilikning qarashlarini o‘zgartirgan.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing