AQSH Yaponiya va Janubiy Koreya bilan yangi kengash tuzmoqchi
Olam
−
08 mart 2023
3772Amerika Qo‘shma Shtatlari Yaponiya va Janubiy Koreyaga yadroviy to‘siq bo‘yicha yangi maslahat organini yaratish taklifi bilan murojaat qildi. Bu haqda bugun, 8 mart kuni “Yomiuri” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi uch tomonlama kengash doimiy asosda faoliyat yuritishi kutilmoqda. U Yaponiya va Janubiy Koreya bilan ushbu masalani muhokama qilish uchun AQSHning ikki tomonlama mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, yadroviy cheklash masalasini muhokama qilishni chuqurlashtirish hamda AQSH yadroviy salohiyati bo‘yicha axborot almashinuvini kengaytirish uchun mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, Amerika tomoni tinchlik paytida yadroviy qurollarni to‘xtatib turish bilan bog‘liq qo‘shma tuzilma yaratish, favqulodda vaziyat yuzaga kelganda esa javob choralarini belgilash mexanizmini joriy etishni taklif qilgan. Ayni paytda AQSH Yaponiya va Janubiy Koreya bilan tashqi siyosat hamda mudofaa vazirliklari vakillari darajasida yadroviy to‘siq bo‘yicha ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.
Manbaga ko‘ra, Tokio va Seul AQSH taklifiga ijobiy munosabat bildirgan. Ishtirokchilar ro‘yxati va maslahatlashuvlarning yangi formatida muhokama qilinadigan aniq mavzular yaqin orada ishlab chiqilishi kutilmoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya KXDR harbiy salohiyatini kuchaytirishi va Pxenyan tomonidan yadroviy raketa dasturini ishlab chiqish fonida AQSH yadroviy soyabonining hozirgi ishonchlilik darajasidan xavotir bildirgan.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan o‘tgan yil oxirida Qo‘shma Shtatlar Yaponiya va Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Vashingtonning ittifoqchilarni yadroviy soyabon bilan ta’minlash majburiyatini kuchaytirish uchun amaliy choralar ko‘rayotganini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pxenyan bir necha bor Yapon dengiziga qarata raketa uchirgan va endilikda bunday amaliyotni yanada ko‘proq amalga oshirishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Bunga javoban AQSH Janubiy Koreya va Yaponiya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan edi.
LiveBarchasi