AQSH “Vagner” guruhini transmilliy jinoiy tashkilot deb e’lon qilmoqchi

Olam

image

AQSH Ukrainaga minglab yollanma askarlarni safarbar etganlikda gumonlanayotgan Rossiyaning “Vagner” harbiy guruhini “transmilliy jinoiy tashkilot” deb e’lon qilmoqchi. Bu haqda bugun, 21 yanvar kuni Oq Uy matbuot xizmati ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar “Vagner”ning Ukrainadagi harakatlari sur’atini kamaytirish uchun javob choralari ko‘rmoqchi. Mamlakat kelgusi hafta “Vagner” harakati va uning ta’minot hamkorlari tarmog‘iga qarshi yangi sanksiyalar kiritadi.

AQSH hukumatining milliy xavfsizlik bo‘yicha kotibi Jon Kirbi ma’lum qilishicha, hozir Ukrainada 50 mingga yaqin “Vagner” yollanma askarlari bor. Ularning Ukrainada mavjudligi vahshiyliklarga, inson huquqlari poymol qilinishiga olib kelmoqda.

Vagnerchilar faoliyatiga yangicha tus berish AQSH hukumatiga Suriya, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasida faoliyat yuritayotgan boshqa paramilitar harbiy tuzilmalarga nisbatan ham keng sanksiyalar qo‘llash imkonini beradi. Ushbu tuzilmalar tarkibi asosan mahkumlardan iborat bo‘lib, AQSH mudofaa rahbariyati vakili Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga yuborilgan “Vagner” guruhi askarlarining ham taxminan 80 foizi jazoni ijro etish muassasalaridan jalb etilgan.

AQSH vakili qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda “Vagner” guruhi Rossiyaning muntazam harbiy kuchlariga raqobat qila oladigan darajaga yetgan. Amerika rasmiylari, shuningdek, “Vagner” asoschisi, biznesmen Yevgeniy Prigojin va Vladimir Putin o‘rtasida “qarama-qarshilik kuchaymoqda” deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, “Vagner” guruhiga rahbarlik qilishi aytilayotgan Yevgeniy Prigojin 2022 yilning mart oyida Rossiya Tergov qo‘mitasiga “amerikaliklardan tarkib topgan uyushgan jinoiy guruh uni o‘g‘irlashga urinishi” to‘g‘risida bayonot bilan murojaat qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiyaga daxldor “Vagner” kabi xususiy harbiy kompaniyalarning an’anaviy qurolli kuchlardan ustunlik tomoni shundan iboratki, ular yollanma qotil kabi pul yoki boshqa kelishuv evaziga har qanday hududda harbiy vazifani amalga oshiradi. Shu bilan birgalikda, buyurtmachi davlat nomi sir qoladi.

Bundan tashqari, xususiy harbiy kompaniya askarlaridan biror kishi harbiy harakatlar vaqtida halok bo‘lsa, bu hech qayerda ro‘yxatga olinmaydi. An’anaviy qurolli kuchlardagi askarning o‘limi kabi mahalliy aholi orasida hukumatga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing