AQSH va Yaponiya Ukraina uchun Rossiyadan o‘ch olmoqchi
Olam
−
22 yanvar 2022
14346Kecha, 21 yanvar kuni AQSH Prezidenti Jozef Bayden Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida bilan telekonferensiya chog‘ida Ukraina-Rossiya chegarasidagi tahlikali vaziyatni muhomaka qildi.
Davlat rahbarlari agar Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa kuchlarni birlashtirgan holda Kiyevga ko‘maklashish va kerak bo‘lsa Rossiyaga qarshi birgalikda chora ko‘rishga kelishib oldi. Bu haqda, Oq uy Matbuot xizmati o‘zining e’lon qilgan yozma bayonotida ma’lum qilgan.
“Rahbarlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini to‘xtatish uchun yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Bosh vazir Fumio Kishida AQSH va boshqa xalqaro ittifoqchilar bilan birgalikda Ukraina xavfsizligini ta’minlash borasida va unga nisbatan uyushtirilgan har qanday hujumlar chog‘ida hamkorlikni yanada kuchaytirishga va’da berdi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
So‘nggi paytlarda G‘arb davlatlari va Kiyev Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida o‘zining xavotirli bayonotlarini qayta-qayta e’lon qilib kelmoqda.
Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu bayonotlarni asossiz hamda G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni qasddan yomonlashtirishga urinish deya atagan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya hech kim uchun xavf-xatar tug‘dirmaydi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Oq Uy Matbuot kotibi Jen Psaki Rossiya qachon Ukraina hududiga bostirib kirishi haqida ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, Moskva Kiyevga joriy yilning yanvar-fevral oylarida hujum qilishni ko‘zlamoqda.
“Biz Rossiya hukumati bosqinga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xavotirdamiz. Biz buni avval ham ko‘rganmiz. Bu voqealar bizga 2014 yil, Rossiya Ukraina sharqidagi kuchlarga qarshi hujum qilish uchun ularga qarshi sabotaj va axborot operatsiyalari uyushtirgan paytni eslatmoqda. Rossiya harbiy rejalari yanvar va fevral o‘rtalarida boshlashi mumkin”, degan Psaki.
Buning ortidan Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini “soxta va axborot bosimi” deya atagan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi