AQSH va Xitoy kosmosda ham kurashni davom ettiradi
Olam
−
03 yanvar 2023
4787AQSH Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq qilish boshqarmasi – NASA Xitoyning koinot va Oyni tadqiq etishdagi muvaffaqiyati Vashington manfaatlariga tahdid solmoqda, deb hisoblaydi. Bu haqda “3dnews” nashri xabar berdi.
NASA direktori Bill Nelsonning aytishicha, agar taykonavtlar (Xitoy kosmik loyihalarida qatnashuvchi astronavtlar yoki kosmonavtlar) Oyga qo‘nsa, Xitoy Yer sun’iy yo‘ldoshining resurslarga boy hududlariga da’vo qilishi va hatto amerikalik astronavtlarning u yerga borishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
“Bu haqiqat: biz kosmik poygadamiz. Vashington Pekin ilmiy tadqiqot niqobi ostida Oyning biror joyiga bormasligini ta’minlashi kerak, chunki bundan keyin ular “uzoq turing, biz shu yerdamiz, bu bizning hududimiz” deb aytishi mumkin”, dedi NASA rahbari.
Ta’kidlash joiz, Xitoy haqiqatan ham fazoni tadqiq etishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Oxirgi bir necha yil ichida Pekin Oyda namunalar to‘plash uchun bir qator robot-qo‘nuvchilar va roverlar (Oy yuzasi bo‘ylab harakatlanish uchun mo‘ljallangan kosmik tadqiqot vositasi)ni ishga tushirdi. Shu jumladan, Marsga ham orbital moslama, qo‘nuvchi moslama va rover jo‘natdi.
Shuningdek, ushbu o‘n yillikning oxiriga kelib, Pekin Oyga taykonavtlarni qo‘ndirmoqchi. Xususan, dekabr oyida Xitoy hukumati kosmik infratuzilma va kosmik boshqaruv tizimlari rivojiga bag‘ishlangan ulkan loyihalarni e’lon qildi.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyu esa AQSH rasmiylarining noo‘rin ayblovlarini tanqid qilgan.
“AQSHning ba’zi rasmiylari Xitoyning normal va qonuniy kosmik faoliyatini buzib ko‘rsatish uchun mas’uliyatsizlik bilan gapirmoqda. Kosmos bu jang maydoni emas. Kosmosni tadqiq qilish va tinch maqsadlarda foydalanish insoniyatning umumiy ishi bo‘lib, u hamma uchun foydali bo‘lishi kerak”, deydi elchixonaning matbuot kotibi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi