AQSH va Isroil Eronga qarshi choralarni kuchaytirishga kelishib oldi
Olam
−
07 mart 2023
3163AQSH va Isroil kecha, 6 mart kuni Eron yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Oq uyning ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma bayonotida aytildi.
Qayd etilishicha, Vashingtonda AQSH milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan, Isroil strategik rejalashtirish kotibi Ron Dermer va Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Tsachi Xanegbi ishtirokida AQSH-Isroil strategik maslahat guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
“Rasmiylar Eron yadro dasturining borishini katta tashvish bilan ko‘rib chiqdilar hamda Isroil va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi xavfsizlik bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro maqsadni yana bir bor tasdiqladilar. Shu munosabat bilan rasmiylar Eron tomonidan yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish va Eronning mintaqadagi dushmanlik faoliyatini yanada to‘xtatish majburiyatini oldilar”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Shuningdek, AQSH Qurolli kuchlari va Isroil mudofaa kuchlari o‘rtasida yaqinda o‘tkazilgan qo‘shma mashg‘ulotlar natijalari ham muhokama qilingan. Uchrashuvda tomonlar Isroilning xavfsizlik va Yaqin Sharq mintaqasiga siyosiy integratsiyasini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ko‘rib chiqqan. Sallivan Prezident Baydenning 2022 yil iyulida Isroilga qilgan tashrifi chog‘ida imzolangan AQSH-Isroil strategik hamkorligi to‘g‘risidagi Quddus qo‘shma deklaratsiyasida ifodalangan Isroil xavfsizligiga sodiqligini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH vositachilar orqali Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni boshlagan edi.
LiveBarchasi