AQSH va G‘arb Rossiyaning “nozik nuqtasi”ni ko‘zlamoqda

Olam

image

Hozir ommaviy medianing e’tibori Rossiya-Ukraina o‘rtasida tobora taranglashib borayotgan vaziyatga qaratilgan. Ekspertlarga ko‘ra, dunyo ikkiga bo‘lingan, Rossiya hamda Ukraina uchun birlashgan G‘arb va AQSHga. 

Ukraina chegarasida 100 minglab qo‘shin to‘plagani aytilayotgan Moskva o‘z qo‘shnisining janubiy, sharqiy va shimoliy sarhadlarini o‘rab olgan. 

Ma’lum qilimnishicha, Rossiya Belarusning Ukraina bilan chegara hududiga ham qurol-yaroq joylashtirmoqda. 

Rossiya agressiyasiga qarshi birlashgan G‘arb va AQSH Kremlni qaqshatqich sanksiyalar bilan ogohlantirib kelmoqda. Shunday cheklovlardan biri Rossiya gazining Yevropaga importini to‘xtatish ekanligi bildirilmoqda. 

AQSH Davlat departamenti Matbuot kotibi Ned Praysning ma’lum qilishicha, Rossiya hujumni boshlagan taqdirda AQSH va Germaniya “Shimoliy oqim-2” loyihasini taqataq to‘xtatishga kelishib olgan.  

“Men bir narsa haqida ochiqchasiga aytmoqchiman, agar Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa “Shimoliy oqim-2” bir qadam ham oldinga siljimaydi. Biz bu masala bo‘yicha Germaniyalik hamkasblarimiz bilan allaqachon kelishib qo‘yganmiz”, deya bildirgan AQSH Davlat departamenti vakili NPR broadkasti vaqtida bergan intervyusida. Ammo u, sanksiya haqida ortiqcha ma’lumotlarni mediaga oshkor qilmagan. 

“Shimoliy oqim-2” loyihasi Rossiya gazini Boltiq dengizi orqali Yevropa, hususan, Germaniyaga gaz quvuri orqali yetkaziga mo‘ljallangan. Mazkur loyiha Rossiyadan G‘arbga gaz eksportini ikki barobarga oshirishi taxmin qilingan. 

Bundan tashqari, kecha, 26 yanvar kuni, Vashington va NATO Rossiyaning Ukrainani alyansga a’zo qilmaslik haqidagi talabiga yozma ravishda rad javobini yuborgan. Qo‘shimchasiga, G‘arb Rossiyaga Ukraina hududida qurollanishni to‘xtatish borasida o‘z talablarini qo‘ygan. 

Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, hozirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH va G‘arbning talablarini o‘rganib chiqmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, “Shimoliy oqim-2” Rossiya tarixidagi eng yirik loyihalardan biri sifatida baholanmoqda. Rossiyadan Germaniyaga tomon tortilayotgan gaz quvurining uzunligi 1 225 km bo‘lishi va loyiha qiymati 11 milliard AQSH dollarini tashkil etishi ma’lum qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiyadan gaz eksporti to‘xtatilgan taqdirda, G‘arb Fors ko‘rfazidagi neftga boy davlat Qatardan gaz ola boshlaydi. Ushbu masalani hal qilishda AQSH Qatar va Yevropa o‘rtasida vositachilik qilmoqda. Joriy yil 31 yanvar kuni, AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Al-Soniyni Vashingtonga taklif qilgan. Bildirilishicha, tomonlar uchrashuv mobaynida Yevroaga gaz yetkazib berish masalasini asosiy kun mavzusi sifatida muhokama qiladi.


Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

757

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing