AQSH va Armaniston Prezidentlari Yelizaveta II ning dafn marosimida protokolni buzdi

Olam

image

Kecha, 19 sentyabr kuni Qirolicha Yelizaveta II ning dafn marosimi doirasidagi ommaviy tadbirlar o‘z nihoyasiga yetdi. Londondagi Vestminster saroyiga butun dunyodan 500 ga yaqin yuqori martabali mehmonlar yig‘ilib, Qirolichaning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Rasmiy tadbirlar vaqtida o‘ta ko‘ngilsiz voqealar yuz bermagan bo‘lsa-da, AQSH va Armaniston Prezidentlari marosim protokolini buzgani OAV e’tiborini tortdi.

Qirolicha Yelizaveta II bilan vidolashish uchun belgilangan qoidalardan biri, bu dafn marosimi vaqtida suratga tushishga qo‘yilgan taqiq edi. Ammo Armanistonning 63 yoshli prezidenti Vaagn Xachaturyan motam marosimiga yordamchisi bilan kelgan va u Prezidentni qo‘l telefonida tobut yaqinida tasvirga olgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu 14 sentyabrdan 19 sentyabrgacha davom etgan vidolashuv marosimi vaqtida suratga tushish bilan bog‘liq yagona holat bo‘lgan.

Marosimdagi yana bir xijolatli holat AQSHning 79 yoshli Prezidenti Jo Bayden bilan yuz berdi. Qirolichaning dafn marosimiga rafiqasi bilan kelgan Amerika rahbari marosim vaqtida kulgani kamera ob’ektivlariga tushib qolgan, xorij OAVga ko‘ra tadbir davomida ham Bayden bir necha bor yuzidagi tabassumni ko‘rsatib qo‘ygan. Bu holatlar ham dafn marosimi protokoliga zid harakat hisoblanadi.

Qolaversa, yana bir e’tiborli holat Xitoy delegatsiyasi bilan sodir bo‘ldi. Bir yil davomida Vestminster saroyiga kirishi taqiqlangan Xitoyning Londondagi elchisiga Britaniya rasmiylari diplomatik istisno qilgani yo‘q. Shu sababli Xitoy marosimga XXR raisining o‘rinbosari Van Sishan boshchiligidagi delegatsiyani yuborishiga to‘g‘ri kelgan. Xitoyning Londondagi elchisi Chjen Szeguanuga o‘tgan yildan beri Vestminster saroyiga kirishga ruxsat berilmayapti.

Shuningdek, Britaniya tomonidan marosimga Rossiya, Myanma, Belarus Respublikasi, Suriya, Venesuela va Afg‘oniston rasmiylari taklif etilmagan.

Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniyaning marhum Qirolichasi Yelizaveta II ning dafn marosimida O‘zbekiston nomidan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Buyuk Britaniyadagi O‘zbekiston elchisi Said Rustamov ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, Qirolicha Yelizaveta II 8 sentyabr kuni 96 yoshida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida vafot etdi. Uning o‘rniga to‘ng‘ich o‘g‘li Charlz monarx bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

541

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing