AQSH O‘zbekistonga 131 tonna oziq-ovqat yordami yetkazib berdi
Jamiyat
−
23 noyabr 2022
11639Bugun, 23 noyabr kuni Qo‘shma Shtatlar o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali qiymati 410 ming dollarga teng bo‘lgan 131 tonna oziq-ovqat yordamini O‘zbekistonga yetkazib berdi. Keltirilgan yuk to‘yimli sabzavotlar va dukkaklilar aralashmasidan iborat bo‘lib, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoya muassasalari va yordamga muhtoj oilalarga tarqatiladi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
“Birgalikda biz mamlakat bo‘ylab muhtojlarga oziq-ovqat yordami tarqatilishining 13-bosqichini nishonlamoqdamiz. Bu oziq-ovqat ta’minoti O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimini mustahkamlaydi. U 100 ga yaqin sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi 35 mingdan ortiq kishini qamrab oladi”, deydi USAID’ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit o‘z nutqida.
Mazkur yordam 98 ta sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasasiga tarqatilib, mamlakatdagi 35 ming nafar eng yordamga muhtoj fuqarolar, xususan, dori-darmonga chidamli sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlar, uzoq muddatli parvarishlash muassasalari, mehribonlik uylari va keksalar va nogiron bolalarni parvarishlash va qo‘llab-quvvatlash muassasalarni qamrab oladi.
2010 yildan buyon, USAID’ning oziq-ovqat ko‘magini berish xalqaro hamkorlik dasturi doirasida qiymati 4 million dollardan ortiq 1425 tonna oziq-ovqat yordami O‘zbekistonga yetkazib berilgan. Beg‘araz yordam sifatida berilgan bu oziq-ovqat mahsulotlari Amerikaning notijorat tashkiloti “Resource and Policy Exchange” tomonidan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda tarqatiladi.
O‘zbekistonga yaqinda keltirilgan bu gumanitar yordam AQSHning sog‘liqni saqlash sohasiga kiritgan 122 million AQSH dollardan ziyod uzoq muddatli sarmoyasining davomi bo‘lib, so‘nggi 20 yil mobaynida berilgan umumiy yordam qiymati 1 milliard AQSH dollaridan oshgan.
USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni oshirish, sog‘liq uchun jiddiy tahdidlarni, shu jumladan COVID-19ni bartaraf etish va hukumatning aholi ehtiyojlarini qondirish uchun salohiyatini oshirish uchun hamkorlik qilmoqda.
LiveBarchasi