AQSH O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga nima “sovg‘a” tayyorlayapti?

Jamiyat

image

Joriy yilning 19 may kuni kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ko‘rib chiqish uchun AQSH Kongressiga taqdim etdi. Bu haqda mamlakat Kongressining rasmiy veb-sahifasida xabar berilgan.

Bugunga qadar ushbu rezolyutsiyani 10 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatlagan. Iyun oyining o‘rtalariga qadar hujjat AQSH Vakillar palatasida qabul qilinishi uchun yetarli ovoz olishi kutilmoqda. 

AQSH Kongressi tomonidan maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bilan chuqur ramziy ma’noga ega.

Vakillar palatasining Xalqaro aloqalar qo‘mitasida o‘tkazilgan tinglovlar vaqtida kongressmen Trent Kelli AQSH va O‘zbekiston bir maromdagi iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash va mintaqada barqarorlikni saqlash bo‘yicha umumiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlarga ega ekanini ta’kidlagan. 

Kongressmen Kelli ushbu qarorning qabul qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadam ekanini aytgan.

Trent Kelli AQSH Kongressini O‘zbekiston bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, iqtisodiy, savdo, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga chaqirgan.

Ushbu rezolyutsiyada Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekiston mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga sodiqligi qayd etilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar olqishlangan. 

“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida mustahkamlangan islohotlar dasturining ahamiyati alohida qayd etiladi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan O‘zbekiston Prezidentining AQSHga 2018 yildagi tarixiy tashrifi ikki tomonlama aloqalarning muhim voqeligi sifatida ko‘rsatilgan. 

Kongressmenlar ikki tomonlama siyosiy muloqot mexanizmi — “Strategik sheriklik muloqoti” doirasidagi AQSH va O‘zbekistonning “Har yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar”ini qo‘llab-quvvatlagan.

AQSH Kongressi Vakillar palatasida “O‘zbekiston bo‘yicha kokus (maslahatchilar – tahr.)” tashkil qilingani va uning “Amerika va O‘zbekiston siyosiy rahbarlari o‘rtasida misli ko‘rilmagan darajada dialog” o‘rnatgani bayon etilgan. Missisipi shtati bilan aloqalar esa chuqurlashgani alohida qayd etilgan.

Hujjatda O‘zbekistonning mamlakat tarixida birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga 2021-2023 yillarga saylangani alohida tan olingan va O‘zbekiston hukumati ushbu maqomdan inson huquqlarini faol qo‘llab-quvvatlashga va uning huquqlarni hurmat qilmaganlarni javobgarlikka tortishga chaqirilgan.

O‘zbekiston hukumatining mintaqaviy muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, mintaqa bo‘ylab savdo uchun yangi imkoniyatlar va Markaziy Osiyodagi muammolarni hal qilishga qaratilgan sa’y-harakatlari qayd etilgan. 

Hujjatda O‘zbekiston hukumatining respublikadagi inson huquqlari holatini yaxshilashga, korrupsiyaga qarshi choralarni va sud tizimining shaffofligini oshirishga, davlat xizmatchilarining javobgarligini kuchaytirishga, so‘z va ommaviy axborot vositalarining erkinligini ta’minlashga, odam savdosiga chek  qo‘yish hamda din erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar dasturi olqishlangan. 

Rezolyutsiyada O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida o‘rni ta’kidlangan. 

Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi dialogning Markaziy Osiyodagi ko‘p qirrali hamkorliklari, shu jumladan, “C5+1” formatining ahamiyati ta’kidlangan. Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda iqtisodiy yetakchi sifatidagi roli o‘sib borayotgani tan olingan.

Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida kongressmen Trent Kelli Kongress rahbariyatiga O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligini qo‘llab-quvvatlash taklifi bilan murojaat qildi hamda O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muhtor elchisi Javlon Vaxobovga o‘zining tashabbuskorona taklifi nusxasini berdi.  

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yilda o‘rnatilgan. Oradan 10 yil  o‘tib, 2002 yilga kelganda ikki o‘rtada “Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risida” deklaratsiya imzolangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

488

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing