AQSH Ukraina yerlarini boshqa davlat hududi sifatida tan olmaydi – Blinken
Olam
−
30 Sentabr 2022
3342Qo‘shma Shtatlar tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatining ozod qilingan hududlarida o‘tkazilgan "referendum"lar natijalarini tan olmaydi, Vashington Kiyevdagi amaldagi hokimiyatni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
“AQSH hamda bizning ittifoqchi va hamkorlarimiz Ukrainaga o‘z hududini Rossiya agressiyasidan himoya qilish uchun kurashda yordam berishda davom etadi. Biz Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi birligi, suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. AQSH Prezidenti Jo Bayden avval ta’kidlaganidek, biz bu hududlarni Ukrainadan boshqa davlatning bir qismi sifatida hech qachon tan olmaymiz va Ukrainani qancha vaqt talab qilsa xam qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi xabarda.
Blinkenning fikricha, bu referendumlar natijalari Ukraina xalqining irodasini aks ettirmaydi.
“AQSH bu referendumlarning qonuniyligini yoki natijasini hech qachon tan olmaydi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar 23–27 sentyabr kuni bir vaqtning o‘zida to‘rtta mintaqada – DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazildi. Mintaqaviy saylov komissiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berganlarning aksariyati ushbu hududlarni Rossiya Federatsiyasi tarkibiga sub’ekt sifatida kiritish tarafdori bo‘lgan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi