AQSH TTP radikal guruhiga qarshi kurashda Pokistonga yordam berishga tayyor – Ned Prays
Olam
−
20 dekabr 2022
2756Vashington Islomobodga “Tahrik-i Tolibon Pokiston” (Pokiston Tolibon harakati, TTP) radikal guruhi jangarilari tomonidan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashda yordam berishga tayyor. Bu haqda kecha, 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays jurnalistlarning Pokiston shimoli-g‘arbidagi terrorchilik faoliyatini izohlash talabiga binoan ma’lum qildi.
“Birinchidan, biz, albatta, Pokistondagi mavjud vaziyatdan xabardormiz. Jangarilar terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi Bannu shahridagi hududni egallab olgani haqidagi xabarlarni diqqat bilan kuzatib boramiz. Qurbonlarga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deydi Prays.
Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Qo‘shma Shtatlar bu masala bo‘yicha Pokiston rahbariyati bilan aloqada ekanligini ta’kidladi.
“Biz hozirgi vaziyat kontekstida ham, kengroq ma’noda ham yordam ko‘rsatishga tayyormiz”, deya qo‘shimcha qildi Prays.
Gap shundaki, joriy yilning 18 dekabr kuni TTP ekstremistlari mamlakat shimoli-g‘arbidagi Bannu shahrida (Xayber-Paxtunxva viloyati) terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi joylashgan hududga bostirib kirib, u yerdagi qo‘riqchilarni garovga olgan. Ularni ozod qilish evaziga radikallar Afg‘onistonga to‘siqsiz kira olish imkoniyatini talab qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bir necha huquq-tartibot xodimlari jarohatlangan.
Favqulodda vaziyat hududi o‘rab olingan. Shaharda internet o‘chirilgan, rasmiylar aholidan uyda qolishni so‘ramoqda.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi