AQSH Tayvanga 1,1 mlrd dollarlik qurol sotishini e’lon qildi
Olam
−
03 Sentabr 2022
3193Kecha, 2 sentyabr kuni AQSH Tayvanga qurol sotish va texnik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 1,1 milliard dollarlik uchta shartnomani e’lon qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti va Pentagon tarkibiga kiruvchi tegishli hukumat departamenti ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 665,4 million dollarlik birinchi shartnoma Tayvanning radar stansiyalarini jihozlash va moddiy-texnik ta’minot bilan ta’minlashga qaratilgan. Ikkinchi shartnoma 355 million dollarga 60 ta AGM-84L Harpoon Block II kemaga qarshi raketalarini va to‘rtta ATM-84L-1 Harpoon Block II raketalarini, tegishli jihozlarni (ehtiyot qismlar va boshqalar) taqdim etishni nazarda tutadi. Uchinchi shartnoma 100 ta AIM-9X Block II Sidewinder taktik havo-havo raketalari, to‘rtta AIM-9X Block II taktik boshqaruv bloki va 85,6 million dollarga teng uskunalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu shartnomalarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma milliy qonunchilikka muvofiq, Tashqi ishlar agentligi tomonidan chiqarilgan. AQSH ma’muriyati allaqachon Kongressni o‘z qarorlari haqida xabardor qilgan.
Qayd etilishicha, AQSH hukumati nuqtai nazaridan shartnomalarni amalga oshirish AQSHning milliy, iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlariga mos keladi. Kelishuvlar mintaqadagi harbiy muvozanatni o‘zgartirmaydi.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, kelishuvlar Tayvanning armiyani modernizatsiya qilish va mustahkam mudofaa qobiliyatini saqlab qolish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ular, shuningdek, Tayvanning hozirgi va kelajakdagi tahdidlarga qarshi turish qobiliyatini oshirish, mintaqadagi siyosiy barqarorlik, harbiy muvozanat va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashni da’vo qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Amerika Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati mamlakat Kongressidan Tayvanga 1,1 milliard dollarlik qurol sotishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi