AQSH Rossiya borasida Turkiyaga ogohlantirish bilan chiqdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Turkiyani Ukrainadagi urush harakatlarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar, mikrochiplar va boshqa mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilishni cheklash haqida ogohlantirdi. Aks holda turk shirkatlari va banklari qonunga muvofiq sanksiyalar ro‘yxatiga tushishi mumkin. Bu haqda “Reuters” nashri xabar bermoqda.

Manbada aytilishicha, AQSH Moliya vazirligining sanksiyalar masalalari bo‘yicha yuqori vakili Brayan Nelson Turkiya hukumati va xususiy sektor vakillari bilan muloqotlar o‘tkazgan. Mazkur muloqotlarda AQSH vakili ma’lum tovarlarning urushuvchi davlatlar bozoriga yo‘naltirilishini to‘xtatishda hamkorlikni kuchaytirishga chaqirgan. 

Shuningdek, janob Nelson turk bankirlari bilan tashkil etilgan uchrashuvda Rossiyaga eksportning yil davomida sezilarli o‘sishi ortidan turk biznes sub’ektlari “sanksiyalar xavfiga qarshi himoyasiz” qolishi mumkinligini yoki G7 bozorlariga kirish imkoniyatidan mahrum qilinishini aytgan.

AQSH vakili Nelsonning fikricha, urush zonasi atrofidagi mamlakatlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksi tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi maqsadli texnologiyalar transferi bilan bog‘liq transaksiyalar, moddiy va dasturiy ta’minot almashinuvlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shimcha ehtiyot choralarini ko‘rishlari kerak. AQSH vakili taxmin qilgan kimyoviy moddalar, mikrochiplar yo‘nalishidagi Rossiya-Turkiya savdosi hajmi esa oyiga o‘nlab million dollarni tashkil etib, g‘arbiy zonada xavotirni kuchaytiradi.

Umuman olganda, NATOga a’zo Anqara Rossiyaga qarshi keng qamrovli sanksiyalarga mohiyat jihatdan qarshi. G‘arb davlatlari eksport nazorati va sanksiyalarni qariyb bir yil avval Moskvaga nisbatan qo‘llay boshlaganiga qaramasdan, Gonkong, Turkiya va yana ayrim boshqa markazlardan ta’minot kanallari ochiqligicha qolmoqda.

Rossiya bojxona organlari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 31 oktyabrigacha bo‘lgan yetti oy ichida kamida 2,6 milliard dollar hajmdagi kompyuter va boshqa elektron komponentlar Rossiyaga oqib o‘tgan. Bu mahsulotlarning kamida 777 million dollari G‘arb firmalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlardir. Qayd etilishicha, Turkiyada faoliyat yurituvchi g‘arb korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mikrochip qurilmalari Rossiya harbiy texnikalari va qurollarida ham aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing