AQSH Putinning ma’shuqasiga sanksiya qo‘llashga qo‘rqyapti – WSJ

Olam

image

AQSH “Milliy media guruhi” direktorlar kengashi raisi Alina Kabayevaga qarshi sanksiyalar paketini tayyorladi, biroq hozircha uni amalga oshirishni kechiktirdi. Bu haqda “The Wall Street Journal” manbalarga tayanib yozmoqda.

AQSH Moliya vazirligi rasmiylariga ko‘ra, sanksiyalarni joriy qilish Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bunga “tajovuzkor munosabatda bo‘lishi” mumkinligi xavfi sabab kechiktirilmoqda.

WSJ manbalariga ko‘ra, rasmiy Vashington Kabayevaga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishi “Rossiya va AQSH o‘rtasidagi ziddiyatning yanada kuchayishiga” olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Nashrning yozishicha, AQSH rasmiylari Kabayeva Putinning “kamida uchta farzandi”ning onasi va u “Putinning xorijdagi shaxsiy boyligini yashirishda” muhim rol o‘ynashi mumkin, deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, Vashington har qanday holatda ham sanksiyalar Ukrainadagi jangovar harakatlar dinamikasiga ta’sir qilmasligini tan oladi.

“Biz maksimal samaraga erishish uchun ushbu sanksiyalarni qachon joriy etishni tahlil qilishda davom etamiz”, degan manbalardan biri.

Ma’lumot uchun, AQSH Rossiya Prezidenti Putinning qizlar deb bilingan Katerina Tixonova va Mariya Voronsovaga nisbatan sanksiya joriy qilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.

Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.

Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.

AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.

6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi. 

7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

832

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing