AQSH pandalarsiz qolmoqda. Xitoy ularning hammasini qaytarib olyapti

Olam

image

Vashington hayvonot bog‘idagi uchta yirik panda shu yilning dekabr oyida Xitoyga qaytadi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning ma’lum qildi.

Undan bu harakat AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvini aks ettiradimi yoki yo‘qmi, deb so‘ralgan. 

“Ulkan pandalar nafaqat Xitoyning milliy boyligi, balki ular butun dunyo xalqlari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olinadi va seviladi, ularni do‘stlik elchisi va ko‘prigi deyish mumkin. Biz yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarni himoya qilish sohasida sheriklikni kuchaytirish uchun, jumladan, AQSH bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz”, degan Mao Ning.

Pandalar — Mey Syan va Tyan Tyan Vashington hayvonot bog‘iga 2000 yilda hayvonot bog‘i va Xitoy yovvoyi tabiat assotsiatsiyasi o‘rtasidagi kelishuv doirasida keltirilgan. Juftlik tadqiqot va naslchilik dasturi uchun shu yerda o‘n yil qolishi kerak edi, ammo Xitoy bilan shartnoma bir necha bor uzaytirildi. 2020 yilning 21 avgustida hayvonot bog‘ida Syao Si Szi laqabli pandacha dunyoga keldi va o‘sha yili hayvonot bog‘i uchta pandani 2023 yil oxirigacha saqlash uchun yana uch yillik shartnoma imzoladi.

“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, Atlanta, San-Diyego va Memfisdagi hayvonot bog‘lari allaqachon o‘z pandalarini qaytarib bergan yoki kelasi yil oxirigacha buni amalga oshiradi. Shunday qilib, barcha pandalar AQSHni tark etadi.

Aprel oyida Pekin 2003 yilda AQSHga do‘stlik elchisi sifatida yuborilgan Ya Ya pandasini Memfis hayvonot bog‘idan olib ketgan. Hayvonot bog‘i 2022 yil dekabr oyida Ya Yani Xitoyga qaytarishini e’lon qilgan va 20 yillik qo‘shma tadqiqotlarni yakunlagan. 

Ma’lumot uchun, dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli hisoblanadi, ammo Pekin 1984 yildan beri hayvonlarni xorijiy mamlakatlarga ijaraga berib kelmoqda. Xitoy tomonidan xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash uchun foydalaniladigan ushbu xalq diplomatiyasi vositasi “panda diplomatiyasi” deb ataladi.

2021 yilda Xitoy hukumati pandalarning tabiatdagi populyatsiyasi tiklana boshlagani va ularning soni 1,8 mingga yetgani sababli ularni “yo‘qolib ketish xavfi ostidagidan “zaif” darajaga tushirdi. Xitoy endi o‘z milliy bog‘lari tarmog‘ini yaratmoqda, bu esa hayvonlarni ko‘paytirish va saqlash uchun xorijga jo‘natishni talab qilmasligi mumkin.

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining bu boradagi xulosalari bilan tanish bo‘lgan manbaning aytishicha, Vashington hayvonot bog‘i hayvonlari Xitoyga qaytarib yuborilishidan oldin Pekin bilan pandalarni ijaraga berishni muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuning aytishicha, tomonlar gigant pandani saqlash va tadqiq qilish sohasida kelajakdagi hamkorlikni muhokama qilishmoqda. 

Keyingi muzokaralar istiqboli haqidagi savolga Davlat departamenti vakili panda haqidagi kelishuv hukumatlar o‘rtasida emas, balki Milliy hayvonot bog‘i va Xitoy yovvoyi tabiatni muhofaza qilish assotsiatsiyasi o‘rtasida tuzilganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan hamkorlik har ikki tomonning xayrixohlik ishorasi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing