AQSH NATOning egizagini yaratmoqchi – Xitoy TIV
Olam
−
07 mart 2022
15328Amerika Qo‘shma Shtatlarining Hind-Tinch okeani strategiyasining asl maqsadi Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO)ning mintaqaviy versiyasini yaratishga urinishdir. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I ma’lum qildi.
“Hind-Tinch okeani strategiyasining asl maqsadi NATOning Hind-Tinch okeani versiyasini yaratishga harakat qilishdir”, deydi u.
Vazirning ta’kidlashicha, strategiya Qo‘shma Shtatlar ustunlik qiladigan gegemon tizimni saqlashga qaratilgan. Bu ASEAN doirasidagi o‘zaro hamkorlikka asoslangan mintaqaviy hamkorlik tuzilmasiga zarba beradi hamda mintaqaning uzoq muddatli manfaatlariga putur yetkazadi.
“Tinchlik, taraqqiyot, hamkorlik va o‘zaro manfaatli natijalarga intilayotgan mintaqa davlatlarining umumiy qarashlariga zid bo‘lgan strategiyaning istiqboli yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Xitoy TIV rahbari Osiyo-Tinch okeani mintaqasi geosiyosiy qarama-qarshilik uchun “shaxmat taxtasi” emas, balki hamkorlik uchun hudud ekanligini ham alohida qayd etgan.
“Xitoy doimo Osiyo-Tinch okeani mintaqasining rivojlanishiga ko‘maklashgan va undan foyda ko‘rgan. Biz mintaqadagi ishlarning haqiqiy holatiga mos keladigan, har bir tomonning talablarini qondiradigan hamda mintaqaviy qarama-qarshilikka undash, qarama-qarshilik lagerlari yaratishga keskin qarshi bo‘lgan tashabbuslarni olqishlaymiz”, deydi Van I.
LiveBarchasi