AQSH Livan armiyasiga $67 mlnlik yordam yo‘llamoqchi
Olam
−
29 yanvar 2022 5135 2 daqiqa
AQSH iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan Livan qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat Qurolli Kuchlariga 67 million dollarlik yordam yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.
Kongressga yo‘llangan bildirgida qayd etilishicha, Davlat departamenti Livan uchun ilgari ajratilgan xorijiy harbiy mablag‘lar hajmini o‘zgartirish niyatida. Moliyaviy yordam Livan harbiylarining “turmush ta’minoti”ni yaxshilash hamda mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy tartibsizliklar ortidan yuzaga kelgan muammolarni yechishga yo‘naltiriladi.
“Reuters” agentligining yozishicha, Kongressga yo‘llangan bildirgida harbiylar turmush tarzini yaxshilash uchun yo‘llanayotgan yordam ularning mamlakat xavfsizligini ta’minlashda operativ shayligini oshirish, ulardagi absenteizmni yumshatish hamda Livandagi barqarorlikni ushlab turishda muhim omil bo‘lishi qayd etilgan.
Ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlagan Demokratlar a’zosi Senator Kris Merfining ta’kidlashicha, Livan xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun harbiylarga ajratilayotgan mablag‘ AQSH Milliy xavfsizlik manfaatlariga to‘la mos keladi.
Qayd etilishicha, oxirgi o‘n yillikda o‘z tarixidagi eng dahshatli iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan Livanga yordam berishda Vashington eng katta xalqaro donor bo‘lib kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili AQSH gumanitar yordam sifatida Livanga 372 million dollar miqdorida mablag‘ ajratgan.
O‘tgan yili sentyabr oyida AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Livan qurolli quchlariga yordam sifatida davlat hisobidan qo‘shimcha 50 million dollar ajratilishi haqida bildirgan. Ajratiladigan mablag‘lar Livan armiyasi ko‘rgan talafotlarni qoplash va harbiylarga maosh sifatida to‘lab berilishi aytilgan.
O‘tgan yili Qatar ham Livan armiyasiga ko‘mak sifatida har oy 70 tonna oziq-ovqat mahsulotlari yuborilishini ma’lum qilgan edi.
Behruz Saidov
Live
Barchasi