AQSH Kreml va Putin atrofidan kimlarga sanksiya tayyorlayotgani oshkor bo‘ldi
Olam
−
31 yanvar 2022
11167AQSH Prezidenti Jozef Bayden Administratsiyasi Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa, rus elitasi vakillaridan kimlar taqiqqa uchrashini ma’lum qildi. Bu haqda Administratsiyaning yuqori lavozimdagi mas’ullari CNN’ga bergan intervyusi davomida aytib o‘tgan.
Rasmiylarga ko‘ra, sanksiya Rossiya hukumati vakillari, oligarx va biznesmenlarga nisbatan joriy qilinadi.
“Maxsus sanksiyalar paketi Kreml ichida va atrofida yurgan, hukumat qabul qilayotgan qarorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador yoki Kremlning boshqa mamlakatlarni muvozanatdan chiqarib yuborish yo‘lidagi harakatlariga daxldor hukumat vakillari va rus elitasiga qarshi qaratilgan”, deya bildirgan AQSH rasmiylari.
Rasmiylarning qo‘shimcha qilishicha, sanksiyalar rus elitasining oila a’zolari uchun ham daxldor bo‘ladi. Ammo Prezident Administratsiyasi vakillari sanksiyalar joriy qilinadigan shaxslarning ismi va kimligi haqida hech qanday ma’lumotni ochiqlamagan.
“Bizda ichidan tanlab olishimiz mumkin bo‘lgan shaxslarning uzun ro‘yxati bor. Biz ro‘yxat mazmuni va ularning shaxsi haqida ortiqcha ma’lumotlarni oshkor eta olmaymiz, ammo taqiq ro‘yxatdagi Putinga yaqin odamlar, ularning oila a’zolari va mol-mulkiga qaratilgan bo‘ladi”, deya bildirgan rasmiylar.
Bayden ma’muriyati tayyorlayotgan sanksiyalar AQSHning Rossiyani Ukrainaga hujum qilishdan qaytarish yo‘lidagi sa’y-harakatlari namunasi ekanligi bildirilmoqda. Bundan avval, AQSH Ukraina bilan chegara hududida 100 minglab qo‘shin to‘plagan Rossiyaga nisbatan turli xil ogohlantirish va tahdidlar bilan chiqqan edi.
O‘tgan hafta Prezident Baydenning o‘zi jurnalistlarga, agar Rossiya hujumni boshlaydigan bo‘lsa, AQSH va G‘arbning sanksiyalari shaxsan Putinga qaratilishi haqida ma’lum qilgandi.
Bundan tashqari, bugun 31 yanvar kuni Jo Bayden Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad As-Soniyni Vashingtonga taklif qilgan. Bildirilishicha, tomonlar uchrashuv mobaynida Yevropaga gaz yetkazib berish masalasini asosiy kun mavzusi sifatida muhokama qiladi.
Yevropa jazo tariqasida Rossiya gazi importidan voz kechib, neft va gazni Qatardan sotib olishni rejalayapti. Bunda AQSH Qatar va Yevroittifoq o‘rtasida vositachilik qilishni ko‘zlagan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi