AQSH Kongressi inflyatsiyani jilovlash uchun $430 mlrdlik paketni ma’qulladi
Olam
−
13 avgust 2022
2552Kecha, 12 avgust kuni AQSH Kongressining Vakillar palatasi hukumat tomonidan 430 milliard dollar ajratilishini ko‘zda tutuvchi, inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan tashabbuslar to‘plamini ma’qulladi. Bu haqda AQSH qonun chiqaruvchi organi quyi palatasi saytida ma’lum qilingan.
Ovozlar partiya chizig‘i bo‘yicha taqsimlandi: 220 demokrat tashabbuslar paketini qo‘llab-quvvatlagan, 207 respublikachi qarshi ovoz bergan.
Senat ushbu paketni o‘tgan hafta ma’qullagan, endi u imzolash uchun AQSH Prezidenti Jo Baydenga yuboriladi.
755 sahifali matndan iborat qonun loyihasi federal byudjet taqchilligini kamaytirish, sog‘liqni saqlash uchun davlat xarajatlarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, taklif etilayotgan dasturlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni qisman ta’minlashi kerak bo‘lgan yirik korporatsiyalarga soliq solishni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. AQSH rasmiylari bu chora-tadbirlarning barchasi kelajakda mamlakatdagi inflyatsiya darajasini pasaytirishini kutmoqda. Hukmron Demokratik partiya bu qadamlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bayden o‘z Twitter sahifasida shunday deb yozgan: “Amerika xalqi bugun g‘alaba qozondi. Retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlar narxi pasayadi, sog‘liqni saqlash xarajatlari va yoqilg‘i narxi pasayadi. Men kelgusi hafta qonunni imzolashni sabrsizlik bilan kutaman”.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qonun loyihasi qabul qilingani munosabati bilan 6 sentyabr kuni Oq uyda ziyofat bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden 10 avgust kuni ta’tilni o‘tkazish uchun Kiaua oroliga (Janubiy Karolina) jo‘nab ketgandi. Prezident u yerda oilasi bilan yetti kun dam oladi.
LiveBarchasi