AQSH Qorabog‘dagi vaziyatdan xavotirda
Olam
−
23 dekabr 2022
2823AQSH Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan kecha, 22 dekabr kuni ozarbayjonlik va armanistonlik mavqedoshlari bilan alohida telefon suhbatlarida Baku va Yerevanni ikki tomonlama keskinlikni yumshatish va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga poydevor qo‘yadigan qadamlarni ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu haqda Oq uy Sallivanning Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi – Prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Hikmat Hojiyev va Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan bilan muzokaralari yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan yozma bayonotda aytiladi.
“Ushbu suhbatlar davomida ular 27 sentyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan qo‘shma uchrashuvdan buyon Yevropa Ittifoqi va AQSH yordam bergan tinchlik muzokaralarida erishilgan yutuqlarni ko‘rib chiqdilar. Ularning barchasi tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha muzokaralarga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Sallivan har ikki tomonni keskinlikni yumshatish va kelajakda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga asos bo‘ladigan qadamlarni ko‘rib chiqishga chaqirdi”, deyiladi matnda.
Sallivan Oq uyning Lochin yo‘lagiga chiqish qiyinligi va bu holatning gumanitar oqibatlarining kuchayib borayotganidan xavotirda ekanini qayd etgan va yo‘lak bo‘ylab erkin harakatlanishni to‘liq tiklashga chaqirgan.
14 dekabr kuni Armaniston Ozarbayjonni Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘yganlikda ayblab, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qildi. 12 dekabr kuni o‘zlarini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Baku norozilik aksiyasidan maqsad hech qanday yo‘lni to‘sib qo‘yish emasligini, fuqarolik vositalari har ikki yo‘nalishda ham erkin harakatlana olishini bildirdi.
Lochin yo‘lagi Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘laydigan yagona yo‘ldir.
Yerevan bu harakatni Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi. Grigoryan avvalroq Yerevan BMT, YeXHT va YeXHT Minsk guruhini Lochin yo‘lagiga baholash missiyasini jo‘natishga chaqirishini aytdi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat yig‘ilishida aytganidek, Tog‘li Qorabog‘da yo‘lak to‘sib qo‘yilgani sababli oziq-ovqat taqchilligi boshlangan.
LiveBarchasi