AQSH “Qiyomat kuni” samolyotini havoga ko‘tardi (video)

Olam

image

Amerikaning “Qiyomat kuni” deb nom olgan Boeing E-4 Nightwatch samolyoti Luiziana shtatidagi harbiy bazadan havoga ko‘tarilib, Vashington yaqinidagi aviabazaga qo‘ndi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, ushbu maxsus bort AQSH rahbariyati uchun favqulodda vaziyatlarda mamlakatni boshqarish imkonini beruvchi havo qo‘mondonlik markazi vazifasini bajaradi. U yadroviy zarbaga bardosh bera oladi va eng yuqori lavozimdagi amaldorlar uchun zaxira boshqaruv punkti sifatida mo‘ljallangan.

“Samolyot Sharqiy vaqt bo‘yicha soat 17:56 da Bojer-Sitidan havoga ko‘tarildi, qirg‘oq bo‘ylab parvoz qilib, Virdjniya va Shimoliy Karolina chegarasi atrofida aylana chizdi va soat 22:01 da Endryus aviabazasiga qo‘ndi”, deyiladi xabarda.

Xuddi shunday samolyot AQSHning 43-prezidenti Jorj Bush tomonidan 2001 yil 11 sentyabrdagi terror hujumlari vaqtida ishlatilgan. Ushbu havo kemasi yadro urushi boshlanishi ehtimoliga qarshi maxsus ishlab chiqilgan. Ayni paytda AQSH Harbiy-havo kuchlari ixtiyorida shunday to‘rtta samolyot mavjud. Ular yil davomida muntazam parvozlar amalga oshirib, harbiy tayyorgarlikni doimiy ravishda saqlab turadi.

Har bir E-4B samolyoti maksimal 112 kishilik ekipajni qabul qila oladi va 11 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega. Bu samolyotlarning AQSH Harbiy-havo kuchlari uchun naqadar muhimligini ularning yagona va boshqa hech qanday AQSH harbiy samolyotida takrorlanmaydigan imkoniyatlar bilan jihozlangani yaqqol ko‘rsatadi.

Ular yadro portlashi, kiberhujumlar va elektromagnit impulslar ta’siriga bardosh bera oladi, javob raketalarini uchirish imkoniyati bilan jihozlangan. Samolyotda yadro va issiqlikdan himoyalovchi qoplama mavjud bo‘lib, uning 67 ta sun’iy yo‘ldosh antennasi va aloqa qurilmalari dunyoning istalgan nuqtasi bilan uzluksiz aloqa qilish imkonini beradi.

Samolyot bir hafta davomida qo‘nmasdan parvoz qilishga va havo orqali yonilg‘i bilan to‘ldirilishga mo‘ljallangan.

“Daily Mail”ga ko‘ra, ayrim ekspertlar samolyotning ko‘tarilishini Prezident Donald Tramp xavfsizligini ta’minlash choralari kuchaytirilgani bilan bog‘lamoqda. Bu esa Yaqin Sharqdagi mumkin bo‘lgan yadroviy mojaro xavfiga javoban amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Erondan “so‘zsiz taslim bo‘lish”ni talab qilgandi. U AQSH Eron ustidagi havo hududini to‘liq nazorat qilishini aytib, mamlakatning havo hujumidan mudofaa va razvedka tizimlari ustunligini urg‘uladi.

Shuningdek, Tramp Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilish va AQSHning ehtimoliy harakat variantlarini ko‘rib chiqish maqsadida Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qiyomat kuni samolyoti Boeing E-4 Nightwatch

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar