AQSH Eronni barcha namoyishchilarni ozod qilishga chaqirdi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Eronni mamlakatdagi barcha namoyishchilarni so‘zsiz ozod qilishga chaqirmoqda. Bu haqda kecha, 26 dekabr kuni Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays ma’lum qildi. 

“Biz Eronda o‘z erkinliklarini tinch yo‘l bilan amalga oshirish uchun qamoqqa olingan barcha odamlarni shartsiz ozod qilishga chaqiramiz”, deb yozdi u Twitter’dagi sahifasida. 

Prays AQSH tashabbusi bilan Eronni BMTning Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasidan chiqarilishini esladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jasur eron ayollarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilingan. 

“Ularning huquqlari uchun kurash davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qildi AQSH TIV vakili. 

Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi Eronni 2026 yilgacha BMTning Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasidan chiqarib tashlash uchun ovoz bergan edi. AQSH Eronda so‘nggi oylarda davom etayotgan norozilik namoyishlari chog‘ida ayollar huquqlari buzilganini bahona qilib, mamlakatdan chiqarib yuborish tashabbusi bilan chiqdi. Rezolyutsiyani 29 davlat yoqlab, 8 tasi qarshi, 16 davlat betaraf ovoz berdi. Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Nosir Kanani Chafiy bu qaror xalqaro tashkilot nizomiga zid ekanini aytdi. 

Erondagi ko‘cha namoyishlari qariyb uch oydirki, tinmayapti. Bu vaqt ichida mamlakatning bir qator hududlarida qator hujumlar sodir bo‘ldi, ularning qurbonlari ham xavfsizlik kuchlari, ham tinch aholi vakillari bo‘ldi. 

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.

Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi. Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing