AQSH endi Xitoyga tahdid qildi
Olam
−
09 mart 2022
44981Rossiyaga nisbatan qo‘llanilayotgan sanksiyalarni chetlab o‘tib, o‘z mahsulotlarini hamon Moskvaga yetkazib berishda davom etayotgan Xitoy kompaniyalari Amerika Qo‘shma Shtatlarining qattiq jazolariga duchor bo‘lishi mumkin. Bu haqda AQSH Savdo vaziri Jina Raymondo “The New York Times” gazetasiga bergan intervyusida aytgan.
Qayd etilishicha, agar Xitoy cheklovlarga qaramasdan Rossiyaga mahsulot yetkazib bersa, AQSH chip ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan apparat va dasturiy ta’minotni Pekinga yetkazib berishni to‘xtatadi. Bu esa Shanxaydagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchi Semiconductor Manufacturing International Corp (SMIC) va boshqa Xitoy kompaniyalarining yopilishiga olib keladi.
“Agar AQSH Shanxaydagi yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi SMIC mahsulotlarining Rossiyaga jo‘natilayotganini aniqlasa, kompaniyaga apparat va dasturiy ta’minot yetkazib berishning oldi olinadi. Bu Xitoyning chiplarni ishlab chiqarish qobiliyatiga halokatli zarba beradi”, deb tahdid qildi Raymondo.
Savdo vazirining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy dunyodagi eng ilg‘or yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega emas.
Avvalroq, Xitoy Rossiyaning “Gazprom”, “Rusal” va boshqa energetika, xomashyo kompaniyalari aksiyalarini sotib olish yoki mavjudlarini oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdaligi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi