AQSH elchisi otishmada halok bo‘lgan o‘zbekistonlik talabaning yaqinlariga ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
17:10 3261 2 daqiqa
Joriy yilning 13 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rod-Aylend shtati Providens shahrida joylashgan Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmada ikki talaba, xususan, 2007 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Muhammadaziz Umurzoqov halok bo‘lgandi. AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
“13 dekabr kuni Braun universiteti talabasi Muhammadaziz Umurzoqovning fojiali vafot etgani haqidagi xabarlar meni chuqur qayg‘uga soldi. Biz Umurzoqovning oila a’zolari, do‘stlari va kursdoshlariga samimiy hamdardlik bildiramiz hamda uning porloq orzulari amalga oshmay qolganidan cheksiz qayg‘udamiz”, deydi Henik.
Providens politsiyasi boshlig‘i Oskar Peres 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 20 yoshlar atrofidagi erkak ushbu hodisa bilan bog‘liq holda hibsga olinganini aytgan, biroq qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamagandi. Shu kunning o‘zida, mahalliy politsiya matbuot anjumanida hibsga olingan shaxs qo‘yib yuborilishi, tergov “boshqa yo‘nalishda” olib borilayotganini ma’lum qildi.
FQB direktori Kash Patel 14 dekabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida gumondor Braun kampusidan taxminan 30 daqiqalik masofada joylashgan Rod-Aylend shtatidagi Koventri shahridagi mehmonxonadan qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, FQB mutaxassislari gumonlanuvchini aniqlashda geolokatsiya ma’lumotlaridan foydalangan.
Ushbu otishma Qurolli zo‘ravonlik arxivi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda AQSHda sodir bo‘lgan qariyb 400 ta ommaviy otishmaning so‘nggisi hisoblanadi. Hozirda ta’lim muassasasida yilning qolgan qismi uchun imtihonlar va darslar bekor qilingan.
Ayni paytda marhum uchun hayriya aksiyasi boshlangan. Ushbu mablag‘lar yuridik masalalar va janoza tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun yo‘naltirilishi aytilmoqda.
Live
Barchasi