AQSH bosh razvedkachisi yashirincha Saudiyaga bordi – WSJ
Olam
−
04 may 2022
11334Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns aprel oyida Saudiya Arabistoniga maxfiy tashrif bilan borgan va u yerda ikki davlat munosabatlaridagi inqirozdan chiqishi uchun valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashgan. Bu haqda “Wall Street Journal” Vashington va Ar-Riyoddagi noma’lum manbalarga tayanib yozmoqda.
Gazetaning yozishicha, bu tashrif Vashington “Yaqin Sharqdagi xavfsizlik sohasida asosiy hamkori” deb hisoblangan Ar-Riyod bilan aloqalarni tiklashga urinishlari fonida amalga oshirilgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Berns shahzoda bilan uchrashish uchun Jidda shahriga tashrif buyurgan. Negaki Saudiya Arabistoni rahbariyati musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyining katta qismini aynan shu shaharda o‘tkazgan. Muzokaralar tafsilotlari noma’lum, biroq manbalarning ta’kidlashicha, muhokama qilingan mavzular ro‘yxatiga neft qazib olish, Rossiya-Ukraina urushi, Eron yadro dasturi va Yamandagi qurolli mojaro kiritilgan.
“Bu yaxshi suhbat bo‘ldi, u AQSH hukumati vakillarining oldingi uchrashuvlariga qaraganda yaxshiroq ohangda o‘tdi”, deb izoh bergan shaxsini ismini oshkor etmagan AQSH rasmiysi gazetaga.
Aprel oyida OAV AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ziddiyat Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan keyin misli ko‘rilmagan darajaga yetganini yozgan edi. Global energiya ta’minotidagi uzilishlar fonida Oq uy Ar-Riyodni xalqaro maydonda narxlarni pasaytirish va Rossiya operatsiyasini moliyalashtirish manbasidan mahrum qilish uchun neft ishlab chiqarishni ko‘paytirishga undagan. Biroq, qirollik bu iltimosni e’tiborsiz qoldirgan.
Shuningdek, shu va boshqa kelishmovchiliklar fonida Saudiya tomoni Pentagon rahbari Lloyd Ostinning qirollikka avvalroq rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgani aytilgan.
LiveBarchasi