AQSH Afg‘onistonga “Tolibon” orqali yordam bermaydi. Vashingtonning sharti bor

Olam

image

Ayni paytda Amerika rasmiylari Afg‘oniston aholisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Tolibon” harakatining amaldagi hukumati orqali emas, balki xalqaro va nodavlat tashkilotlari orqali insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni davom ettirish niyatida. Bu haqda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Ayni paytda AQSH Afg‘onistonga eng ko‘p gumanitar yordam ko‘rsatuvchi donor bo‘lib, birgina joriy yilning o‘zida biz xalqaro va nodavlat tashkilotlari orqali qariyb yarim milliard dollar mablag‘ ajratdik. Biz hali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Afg‘onistonning hozirgi rahbariyati, “Tolibon” timsolidagi rahbariyat orqali pul bilan ta’minlay olmaymiz. Biz hamma narsaga — inklyuziv hukumatdan tortib ular bilan muntazam muhokama qilinadigan boshqa elementlargacha bo‘lgan yondashuvda sezilarli yaxshilanishni ko‘rmagunimizcha, bizning e’tiborimiz xalqaro va nohukumat tashkilotlar orqali moliyalashtirishga qaratiladi. Biz bu pulning bir qismini AQSH milliy xavfsizlik manfaatlariga muammo tug‘diradigan maqsadlarda ishlatish uchun sharoit yaratmasdan, Afg‘oniston xalqiga haqiqatan ham yordam berish uchun shu usulni eng yaxshisi deb hisoblaymiz”, deb tushuntirgan Sallivan.

Ma’lumot uchun, avgust oyi boshida “Tolibon” Afg‘oniston hukumat kuchlariga qarshi hujumlarini kuchaytirib, 15 avgustda Qobulga kirdi va ertasi kuni urush tugaganini e’lon qildi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida AQSH harbiylari himoyasida bo‘lgan Qobul aeroportidan G‘arb fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi.

31 avgustga o‘tar kechasi amerikalik harbiylar Qobul aeroportini tark etdi. Shu bilan AQSHning Afg‘onistondagi 20 yillik missiyasi yakunlandi. Sentyabr oyi boshida Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibi e’lon qilindi, unga birinchi “Tolibon” hukmronligi davrida tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va 2001 yildan beri BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan Muhammad Hasan Oxund bosh bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing