O‘zbekiston AQSHga Afg‘onistondan fuqarolarini evakuatsiya qilishda yordam beradi
Olam
−
14 Sentabr 2021
4288Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston, Tojikiston va Pokiston bilan Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan AQSH fuqarolariga ushbu uch mamlakatga kirishga ruxsat berish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken AQSH Kongressining vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasida Afg‘oniston bo‘yicha eshituvda ma’lum qildi.
“Biz bir qator davlatlar, jumladan, O‘zbekiston, Pokiston va Tojikiston bilan ushbu davlat chegaralari AQSH fuqarolari, rezidentlariga ochiq qolishi uchun ishlaganmiz. Biz har uch davlat bilan asos kelishuvga eishdik”, degan Blinken.
Kongressdagi eshituvda Respublikachilar partiyasi vakillari demokratlardan bo‘lgan Jo Bayden va administratsiyasining Afg‘oniston bo‘yicha qarorlarini keskin tanqid qilgan.
Amerika diplomatiyasining yetakchisi AQSH “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatish masalasida g‘alaba keltiradigan strategiya ishlab chiqa olmaganini tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH harbiylari Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy missiyani joriy yilning 31 avgust kuni to‘liq yakunladi. Biroq Amerikaliklar afg‘on diyorini tark etishni yakunlamasidan mamlakatda hokimiyat almashdi. “Tolibon” Ashraf G‘ani hukumatini ag‘dardi. Prezident G‘ani iste’foga chiqib, mamlakatni tark etdi.
Qayd etish kerakki, AQSHni holdan toydirgan Afg‘onistondagi kampaniyani Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi Prezidentlar yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bundan avval qator Yevropa davlatlariga, jumladan, Germaniyaga o‘z fuqarolari va ularga yordam bergan afg‘onlarni Qobuldan evakuatsiya qilishga yordam bergandi.
LiveBarchasi