AQSH Afg‘onistonda necha milliardlik texnika qoldirgani ochiqlandi
Olam
−
28 aprel 2022
12011AQSH 2021 yilning avgust oyida Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqqach, mamlakatda qiymati 7 milliard dollardan ortiq bo‘lgan harbiy texnikalarni qoldirib ketgan. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi hisobotiga tayanib, CNN xabar berdi.
Hisobotda aytilishicha, 2005-2021 yillarda Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston hukumatiga 18,6 milliard dollarlik harbiy texnika o‘tkazgan. 2021 yilning avgustida Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin, 7,12 milliard dollarlik texnika mamlakatda qolgan.
“Endi u “Tolibon” harakati qo‘liga o‘tdi”, deyiladi xabarda.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda Amerikaning samolyotlari, harbiy mashinalari, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, aloqa va boshqa jihozlari qolgan. AQSH harbiy rahbariyati tashlab qo‘yilgan mulkni yig‘ish yoki yo‘q qilish uchun Afg‘onistonga qaytish niyatida emas. Shu bilan birga, qurollarning aksariyati ishlatishga yaroqli bo‘lishi uchun doimiy “parvarishni” talab qiladi.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 14 aprelda AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi operatsiyani to‘xtatishga qaror qilganini e’lon qildi. Bu Amerika tarixidagi eng uzoq xorijiy harbiy kampaniya bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar bu urushni 2001 yil oktyabr oyida boshlagan. Amerika qo‘shinlarini olib chiqish 2021 yil may oyida boshlangan va sentyabr oyi boshida yakunlangan. AQSHning 2010-2013 yillardagi amaliyoti eng yuqori cho‘qqisida Afg‘onistondagi G‘arb kuchlari soni 150 ming kishidan oshdi. AQSH va NATOning asosiy jangovar bo‘linmalari 2014 yilda Afg‘onistondan olib chiqildi.
Qo‘shma Shtatlar o‘z kuchlarini olib chiqish niyatini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiyani boshladi. O‘tgan yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani xorijga qochib ketgan va “Tolibon” jangsiz Qobulga kirib kelgan.
LiveBarchasi