Agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, AQSH uni himoya qiladi – Bayden
Olam
−
19 Sentabr 2022
6775AQSH harbiylari Xitoydan ehtimoliy bosqin sodir bo‘lgan taqdirda Tayvanni himoya qiladi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden “CBS” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Agar haqiqatan misli ko‘rilmagan hujum bo‘lsa, AQSH Tayvanni himoya qiladi”, deb javob bergan Bayden jurnalistlarning Tayvan masalasidagi savoliga.
AQSH rahbari Vashington Tayvan mustaqilligini rag‘batlantirish niyatida emasligini takidlagan.
"Vashington “Yagona Xitoy” siyosatiga amal qiladi. Biroq, bu Xitoy Tayvanni bosib olish uchun kuch ishlatish huquqiga ega, degani emas. Tayvan o‘z mustaqilligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Biz ularning mustaqilligini rag‘batlantirmaymiz. Bu ularning qarori”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, Prezident AQSHning Tayvan masalasidagi siyosati o‘zgarmaganini, bir tomonlama o‘zgarishlar bo‘lmasligini ta’minlashga qaror qilinganini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, CNN jurnalisti Anna Kabrera AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi xodimiga asoslanib, Xitoy 2027 yilgacha Tayvanni egallashi haqida xabar bergan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lub bo‘lib, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qoldi. XXRning aksariyat davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, orol Xitoy provinsiyalaridan biri hisoblanadi.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, XXR bilan o‘rnatdi. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taypey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR hukumatining noroziligiga sabab bo‘ldi. 2-3 avgust kunlari AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifi ortidan Tayvan bo‘g‘ozi mintaqasidagi keskinlik jiddiy ravishda avj oldi, bu esa Pekinning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi