Yana bir “Afrosiyob” tezyurar poyezdi Rossiyadan O‘zbekiston tomon yo‘l oldi

Jamiyat

photo_2021-09-25_16-14-21

Bugun, 25 sentyabr kuni Ispaniyaning Bilbao portidan olib kelinayotgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan O‘zbekistonga yo‘l oldi. Bu haqda “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi Matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.U.” kompaniyasi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan joriy yilning 16 sentyabr kuni “Afrosiyob” poyezdining yana bitta harakat tarkibi Ispaniyaning Bilbao portidan Rossiyaning Sankt-Peterburg portiga olib kelingan. 25 sentyabr kuni esa Moskva vaqti bilan soat 05:00 da elektropoyezd Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan. Shu bilan mamlakatdagi bu turdagi poyezdlar soni 6 taga yetadi.

Ma’lum bo‘lishicha, dastlabki “Afrosiyob” zamonaviy elektropoyezdi 10 yil avval mamlakatga Ispaniyadan olib kelingan. O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida bunday zamonaviy poyezdlar soni 5 taga yetkazilgan.

Xususan, joriy yilning 21 iyul kuni Ispaniyadan olib kelinayotgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi vagon va lokomotivlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan O‘zbekistonga jo‘natilgandi.

Ma’lumot uchun, “Afrosiyob” poyezdlarini sotib olish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, 2021 yilning dekabriga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi Talgo-250 rusumli yo‘lovchi elektr poyezdi hamda 4 ta “ekonom” toifali vagon xarid qiladi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2021 yilda yirik ishlab chiqarish ob’ektlari va quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha manzilli dasturda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun jami investitsiyalar hajmi 696,2 million AQSH dollarini tashkil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

335

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing