Afrikada aniqlangan virus xalqaro epidemiyaga aylanishi mumkin
Olam
−
31 mart 2023
7631Olimlar G‘arbiy Afrikada joylashgan Ekvatorial Gvineyaning savdo portlaridan birida aniqlangan marburg virusi 2014 yilgi ebola virusi kabi xalqaro epidemiyaga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Qayd etilishicha, dastlab ko‘rshapalaklarda aniqlangan gemorragik isitma Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) mintaqaviy epidemiyalarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xavfli yuqumli kasalliklar ro‘yxatiga kiritilgan.
Garchi olimlar to‘liq pandemiya bo‘lishini taxmin qilmayotgan bo‘lsada, 2014 yilda G‘arbiy Afrikada ebola virusi tarqalgani kabi ssenariydan ogohlantirmoqda. O‘shanda mintaqadagi Serra-Leone, Liberiya va Gvineyada epidemiyadan 11 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan va virus boshqa hududlarga ham tarqalgan edi.
Hozirda Ekvatorial Gvineyada marburg virusidan kasallanishning 4 ta holati qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, marburg virusi ko‘pincha o‘limga olib keladigan kasallik bo‘lib, unga chalinganlarning vafot etish ehtimoli 50 foizni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich virus shtammi va tibbiy yordam sifatiga qarab 24 dan 88 foizga qadar o‘sib boradi. Hozirda ushbu virusga qarshi vaksina yaratilmagan.
Marburg virusi birinchi marta 1967 yilda Germaniyaning Marburg va Frankfurt, hamda Yugoslaviyaning Belgrad shaharlaridagi laboratoriyalarda aniqlangan. Laboratoriyalarga Ugandadan yuborilgan infeksiya yuqtirgan Afrika yashil maymunlari ustida tajriba olib borgan xodimlar kasallikni ilk bor yuqtirishgan. Jami 31 kishi, jumladan, laboratoriya xodimlari, tibbiyot mutaxassislari va ularga g‘amxo‘rlik qilgan oila a’zolari infeksiyani yuqtirib olgan. Ulardan 7 nafari esa vafot etgan.
Kasallanishning keyingi holatlari asosan tropik Afrika mamlakatlarida qayd etilgan.
Uning dastlabki belgilari sirasiga yuqori isitma, kuchli bosh og‘rig‘i va charchoq kiradi. Kasallangan odamlarda mushaklardagi og‘riqlar, diareya, ko‘ngil aynishi va qayt qilish tez-tez kuzatiladi.
O‘limga olib kelgan holatlarda asosan bu kasallikning dastlabki simptomlari aniqlanganidan 8-10 kun o‘tib sodir bo‘ladi. Odamdan odamga, asosan, qon, ter, tupuk va boshqa sekretsiya tomchilari orqali yuqadi. Ko‘pchilik zararlangan kiyim va to‘shak hamda kasallikdan o‘lgan odamning dafn marosimida virusni yuqtirib oladi. Bemorlarni davolashda qatnashgan tibbiyot xodimlarining ham kasallik yuqtirib olish ehtimoli kuchli hisoblanadi.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi