Afrika davlatlari global iqlim solig‘ini joriy etishga chaqirdi
Olam
−
06 Sentabr 2023
2561Afrika davlatlari eng qashshoq mamlakatlarga, jumladan Afrikadagi mamlakatlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengishda yordam beradigan dasturlarni moliyalashtirish uchun global soliq to‘lashga chaqirdi. Ushbu norma Keniyada yakunlangan Afrika iqlim sammitida qabul qilingan Nayrobi deklaratsiyasida qayd etildi.
“Nayrobi deklaratsiyasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha global harakatning yangi bosqichiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Biz barqaror rivojlanish kun tartibida ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlarni birinchi o‘ringa qo‘yishga qaror qildik”, degan Keniya Prezidenti Uilyam Ruto sammit yakunida.
Uning ta’kidlashicha, sammit davomida Afrika davlatlari birgalikda harakat qilish qobiliyatini namoyish etgan va hech kimda "insoniyat kelajagi Afrikada" ekaniga shubha qolmagan.
Aytish joizki, Nayrobi deklaratsiyasi sayyora iqlimini himoya qilish dasturlarini moliyalashtirish uchun global soliqni taklif qiladi. Afrika davlatlari aynan nimaga soliq joriy qilmoqchi ekani hali noma’lum, ammo sammit arafasida moliyalashtirishning ehtimoliy manbasi aniqlangan. Bu jahon moliya tizimidagi tranzaksiyalardan olinadigan yig‘imlarni nazarda tutadi.
Shuningdek, deklaratsiya rivojlanayotgan mamlakatlarni unga jalb qilish orqali xalqaro moliya tizimini isloh qilishga chaqiriqni o‘z ichiga oladi. Afrika mamlakatlari uchun, jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlashni joriy etish, shuningdek, qit’aning bir qator davlatlarining davlat qarzi muammosini hal etish taklif qilinmoqda.
Afrika davlatlari noyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarida ochiladigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasiga (COP28) Nayrobi deklaratsiyasini taqdim etish niyatida.
Ma’lumot uchun, iqlim bo‘yicha sammit birinchi marta Afrikada bo‘lib o‘tdi. Uning asosiy mavzusi "Yashil o‘sishni rag‘batlantirish hamda Afrika va dunyo uchun iqlimni moliyalashtirish yechimlari" bo‘ldi. Uchrashuvda Afrikaning 17 davlat va hukumat rahbarlari, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, olimlar, yirik investorlar, eng yangi texnologiyalar sohasidagi ekspertlar ishtirok etdi. Sammit Keniya va Afrika Ittifoqi homiyligida o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq mazkur sammitda qatnashgan Antoniu Guterrish BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari orasida Afrika vakili ham bo‘lishi kerakligini aytgandi.
LiveBarchasi