Afg‘onlararo muzokaralar yo‘lidagi so‘nggi to‘siq olindi. O‘zbekiston bunga munosabat bildirdi

Olam

image

“Tolibon” harakati 400 nafar tolib qamoqdan chiqarilgandan keyin Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

“Bizning pozitsiyamiz aniq, mahkumlarni ozod qilish yakunlangach, bir hafta ichida afg‘onlararo muzokaralarga tayyor bo‘lamiz”, dedi harakat vakili Suxail Shaxin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarning birinchi raundi Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilishi mumkin.

Muzokaralar bir haftada boshlanishi mumkin

Rasmiy Kobul vakilining “Reuters”ga ma’lum qilishicha, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani o‘ta xavfli hisoblangan 400 nafar jangarini ozod qilish haqidagi farmonni 10 avgust kuni imzolagan. Tinchlik muzokaralari esa bir hafta davomida boshlanishi mumkin.

Ma’lumot uchun, kecha Afg‘oniston urug‘ oqsoqollari kengashi – Loya Jirg‘aning favqulodda yig‘ilishida afg‘onlararo muzokaralarni o‘tkazish uchun “Tolibon” harakatining qamoqxonadagi 400 nafar a’zosini ozod qilishga qaror qilingan. Prezident Loya Jirg‘ining 3 mingdan ortiq a’zosi oldida tegishli farmonni imzolaganini ochiqladi. Xavfsizlik milliy kengashi vakilining so‘zlariga ko‘ra, harakat a’zolarini ozod qilish 2 kun ichida boshlanadi

“Tolibon” bilan muzokaralar uchun hal qiluvchi qadam

Shu vaqtgacha hukumat og‘ir jinoyatlar qilishda ayblangan “Tolibon” jangarilarini ozod qilishdan bosh tortib kelgan. Bir necha kun avval G‘ani bunday qarorni bir o‘zi qabul qilolmasligini, bu masalani Loya Jirg‘a bilan muhokama qilishi zarurligini bildirgandi.

“Tolibon” bilan muzokaralar o‘tkazilishi 19 yildan beri davom etayotgan mojaroga nuqta yasashi mumkin. Bu esa Afg‘onistonda 40 yildan beri davom etayotgan urushning tugashi demakdir.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 29 fevral kuni Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va “Tolibon“ o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, afg‘onlararo maslahatlashuvlar 10 martda boshlanishi kerak edi. Ishonchni mustahkamlash choralari doirasida afg‘onlararo muzokaralar boshlangunga qadar 5000 ga yaqin toliblar va radikallar tomonidan ushlab turilgan mingga yaqin odam ozod qilinishi shart edi. Hozircha yuqoridagi talablarni ikki tomon ham to‘liq bajarmadi.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish ishlarida faol ishtirok etayotgan O‘zbekiston mazkur qarorni olqishladi.

“O‘zbekiston afg‘onlararo inklyuziv muzokaralar olib borish yo‘lidagi so‘nggi to‘siqni olishga xizmat qilgan 400 tolib-maxbuslarni ozod qilish to‘g‘risidagi Afg‘onistonning Maslahat Loya Jirg‘asi qarorini olqishlaydi.

O‘zbekiston tomoni Dohada Afg‘oniston Hukumati va “Tolibon” Harakati o‘rtasida muzokaralar jarayoni boshlanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va afg‘on zaminida uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka erishish yo‘lida tomonlar siyosiy iroda, konstruktiv yondashuv va murosaga tayyor ekanliklarini namoyish etishlariga umid bildiradi. 

O‘zbekiston Respublikasi tinchlik jarayonini ilgari surishda har jihatdan yordam ko‘rsatishda davom etadi va afg‘on xalqiga tinch kelajak va farovon davlat qurishda har tomonlama ko‘maklashishga qat’iyan tayyor ekanligini ma’lum qiladi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligining ushbu hodisaga munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing