Afg‘onistonga muzlatilgan pullari hisobidan 280 million AQSH dollari ajratiladi
Olam
−
11 dekabr 2021
4284Xalqaro donorlar Afg‘oniston uchun BMTning Oziq-ovqat va sog‘liqni saqlash xizmatiga Afg‘onistonning muzlatilgan pullari hisobidan 280 million AQSH dollari (210 million Yevro) miqdoridagi pullarni o‘tkazib beradi. Bu haqda Jahon Banki xabar bermoqda.
Joriy yil avgust oyida Afg‘onistonda hukumat “Tolibon” qo‘liga o‘tishi ortidan xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratiladigan yordamlar to‘xtatilgandi. Xalqaro yordamlar to‘xtatilishi esa, shundoq ham iqtisodiy tang ahvolda bo‘lgan Afg‘oniston aholisiga jiddiy ocharchilik xavfini tug‘dirmoqda.
AQSH va G‘arb mamlakatlari “Tolibon” hukumatini rasman tan olmagan. Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi esa Afg‘onistonning 10 milliardga yaqin mablag‘larini muzlatib qo‘ygan.
Buning ustiga, Afg‘onistonda bu yilgi qurg‘oqchilik tufayli dehqonchilik ham jiddiy zarar ko‘rgan va ekin mahsulotlari nobud bo‘lgan.
Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP)ning ma’lumotlariga ko‘ra 23 millionga yaqin afg‘on aholisiga ocharchilik xavfi tahdid solmoqda. Uch million bola esa to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Behruz Saidov
LiveBarchasi