Afg‘onistondan Termizga snaryad otgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image

2022 yil 5 iyul kuni Afg‘oniston hududidan Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga 5 ta snaryad kelib tushgan edi. Keyinchalik O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Joriy yilning 26 iyun kuni ushbu ishni amalga oshirgan O‘zbekiston fuqarosi 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.

Hukmga ko‘ra, 1978 yilda tug‘ilgan O.S. 2013 yilda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Jihodchilar” ekstremistik “jamoati”ga qo‘shilib, “jihod” va “hijrat” mavzularidagi ma’ruzalarni tinglab, yig‘ilishlarda muhokama qilgan.   Shundan so‘ng, O.S. 2013 yilda Rossiya Federatsiyasining Ufa shahriga borib, ushbu hududdagi qurilish ob’ektlarida ishlash davomida “Jihodchilar" diniy ekstremistik tashkilotining “Ufa shahri” jamoati mas’ullaridan bo‘lgan shaxs g‘oyalari ta’siriga tushgan.

U 2013 yil dastlab Ozarbayjon orqali Eronga, keyin esa Eron orqali 2014 yilda Pokistonga o‘tgan va u yerda “Turkiston islom harakati” (TIH) safida ekstremistik faoliyatni davom ettirish niyatida ekanini “bayat” orqali tasdiqlagan. U Pokistonning Mirali shahriga o‘tgan va o‘sha yerda “Xabbob” taxallusini olgan holda TIH safida harakat qilgan.

O.S. Pokiston va Afg‘oniston hududidagi jangarilik lagerlarida qurol-yarog‘, portlovchi moddalarni tayyorlash va qo‘llashni o‘rgangan. Shuningdek, TIH safidagi a’zolar bilan birga Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

U 2016 yilda TIH guruhlarga bo‘linib, tarqalib ketgach, “Islom davlati Xuroson viloyati” (IDXV) jamoasiga qo‘shilgan. Bu yerda yangi a’zolarni qabul qilish, moddiy ta’minotni yo‘lga qo‘yish, media markazda targ‘ibot videolarini tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullangan. Xususan, “Xuroson ovozi” kanalining “Jumadan jumagacha” dasturida Saparovning ovozi orqali O‘zbekiston hududida hokimiyatni ag‘darish, konstitutsiyaga qarshi harakatlar qilish kabi da’vatlar tarqatilgani ekspertiza bilan isbotlangan.

Shuningdek, O.S. IDXV safida 2016-2024 yillar davomida Afg‘onistonning Jalolobod, Qunduz, Mozori Sharif va Qobul provinsiyalarida hukumat qo‘shinlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari boshchiligidagi koalitsiya kuchlariga qarshi, so‘ngra “Tolibon” qo‘shinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etib, turli terrorchilik faoliyatlarini amalga oshirgan.

2022 yil iyun oyida u dastlabki tergovda shaxsi aniqlanmagan “X.Osimiy”, “Abu Muhammad Tojikiy”, “Zubayr” va boshqa guruh a’zolari tomonidan Qobul shahrida hind-sikxiylar ibodatxonasi, Rossiya elchixonasi va shaharning bir necha markaziy ko‘chalarida qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilgan. Oqibatda tinch aholi vakillari orasida qurbonlar bo‘lgan.

Bundan tashqari, O.S. dastlabki tergovda shaxsi aniqlanmagan qurolli guruh a’zolari “Toriq” va “Xafizullox Nurmuhammad o‘g‘li”, boshqa bir guruh shaxslar bilan birgalikda Tojikiston va O‘zbekistonga raketa snaryadlari otilishida ishtirok etgan.

Xususan, 2022 yilning 5 iyul kuni soat 17:00 lar atrofida ular tomonidan 107 mm RSZO (o‘t ochish reaktiv tizimi) uskunasidan otilgan 5 dona 100 mm kalibrli qo‘lbola snaryadlari Termiz shahridagi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hovlisida joylashgan stadion hamda 4 ta xususiy xonadonga kelib tushib, uylarning devorlariga zarar yetkazgan.

Shu yilning iyul oyida qurolli guruh a’zolari Qobul shahrida terakt sodir etish maqsadida harakatlangan vaqtida “Tolibon” harakati tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng, Saparov Eron orqali Pokistonning Kvetta shahriga qochib, u yerda XTT safida faoliyat olib borishni davom ettirgan.

2024 yil 20 sentyabr kuni tunda Pokiston xavfsizlik kuchlari tomonidan Saparov va uning sheriklari yashash xonadonlarida qo‘lga olingan va Kvetta shahar qamoqxonasiga joylashtirilgan. Ular joriy yilning 24 yanvariga qadar qamoqxonada saqlangan. 24 yanvar kuni O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan maxsus reys bilan Toshkent shahriga olib kelingan.

Joriy yilning 26 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida ushbu ish ko‘rib chiqilgan. O.S. sudda qilmishidan pushaymon ekanini, o‘z harakatlarining oqibatini to‘liq tushunib yetganini, bundan keyin bu kabi jinoyatlarni sodir etmasligini bildirgan. U suddan oilaviy sharoitini, muqaddam sudlanmaganini inobatga olib, nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud hukmi bilan O.S. Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi “b” bandi (og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan terrorizm), 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 159-moddasi 3-qismi “b” bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlagan holda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 161-moddasi (qo‘poruvchilik), 244-1-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari (oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-moddasi 1-qismida (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Shu tariqa O.S. ga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Andijon shahrida joriy yilning may oyida jihodchilar diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati faoliyati aniqlangandi. Jamoat yetakchisi Andijon shahrida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan U.A. o‘z atrofiga 12 nafar shaxslarni yig‘ib, jamoat tashkil etgan holda shahardagi turli choyxonalarda to‘planib, kelgusida Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotiga  qo‘shilishni niyat qilgan. Shuningdek, ular o‘zaro “Baytulmol” ko‘rinishida pul mablag‘lari yig‘ib, o‘z tarafdorlariga berib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Termiz snaryad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing