Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari ishtirokida Toshkentda o‘tadigan konferensiya qaysi maqsadlarga xizmat qiladi?

Tahlil

image

Prezidentimiz tashabbusi bilan 15-16 iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa bugungi global transformatsiyalar tufayli jahon iqtisodiyoti markazining Osiyo tomon siljishi sharoitida Markaziy Osiyoning ahamiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi. Xalqaro ekspertlar fikricha, bunday sharoitda  O‘zbekiston rahbari tomonidan boshlangan ichki islohotlar jarayoni, ochiq va  rivojlanib borayotgan do‘stona siyosat mintaqada muhitni tubdan yaxshilashga, hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga va  Markaziy Osiyoning jozibadorligini kuchaytirishga ko‘maklashdi.

Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qaralayotgan Afg‘onistonga nisbatan munosabatlar ijobiy tomonga o‘zgardi. Afg‘oniston bo‘yicha 2018 yilgi Toshkent konferensiyasi va 2019 yilda Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining konsultativ uchrashuvi yakuniy hujjatlarida Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash, uni mintaqaviy aloqalar va infratuzilma loyihalariga jalb etish bo‘yicha yakdillikda o‘z aksini topdi. Mintaqa davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik faollashdi. Ularning Afg‘oniston tashqi savdosidagi ulushi 22 foizni, importidagi ulushi esa deyarli 25 foizni tashkil etdi. Janubiy Osiyoga Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston gaz quvuri, CASA-1000 elektr uzatish liniyalari (Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo mamlakatlarigacha) va boshqa shu kabi transafg‘on energetika va transport yo‘laklarini ochish ishlari tiklandi. Afg‘oniston bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha AQSH, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy  va Janubiy Osiyoning yetakchi davlatlari bilan aloqalar kengaydi.

2019 yil yanvar oyida Samarqandda Afg‘oniston ishtirokida “Hindiston — Markaziy Osiyo” tashqi ishlar vazirlari muloqoti o‘tkazildi. 2021 yil fevralda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘li qurilishi oyihasi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini qabul qildi. Bu kabi o‘zgarishlar O‘zbekiston va mintaqa davlatlarining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish, uning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini tiklashga bo‘lgan qiziqishini aks ettiradi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqaning global iqtisodiyotga kirish darajasi 60 foizdan past bo‘lib, bu hol eksport raqobatbardoshligini va rivojlanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bir konteynerni Shanxayga yetkazib berish Polsha yoki Turkiyadan yuborgandan ko‘ra 5 barobar qimmatroq.

Janubiy Osiyo iqtisodiy o‘sish sur’atlari va qariyb 2 milliardlik aholiga ega ulkan bozor salohiyati bilan global iqtisodiyot markazlaridan biriga aylanmoqda. Bundan tashqari, Afg‘oniston orqali Hind okeani portlariga tranzit Markaziy Osiyo mamlakatlariga eng qisqa yo‘l orqali dengizga chiqish imkonini beradi va mintaqaning transport aloqasi darajasini bir necha barobar oshiradi.

Shu nuqtai nazardan, Janubiy Osiyo bilan har tomonlama o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik vazifaga aylanmoqda. Bu esa eksport bozori kengayishini ta’minlash, iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini, sanoatlashtirishni, transport-logistika holatini, mintaqa, umuman, Markaziy Osiyoning iqtisodiy va sarmoyaviy jozibadorligini tubdan yaxshilash imkonini beradi.

O‘z navbatida, Janubiy Osiyoda mintaqamizga, uning iqtisodiy, energetik va tranzit salohiyatiga e’tibor kuchaymoqda. 2010 yilda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturiga qo‘shilgan Pokiston hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo, transport va energetika sohalarida o‘zaro aloqalarni faollashtirmoqda. Hindiston 2012 yilda qabul qilingan “Markaziy Osiyo bilan aloqa” kursiga muvofiq mintaqa davlatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

Shunday qilib, Osiyoning har ikki mintaqasida ko‘p asrlik o‘zaro aloqalarni, savdo, investitsiya, energetika, transport va logistika, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlikni tiklashga bo‘lgan qiziqish yuqori.

Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun har ikki mintaqa mamlakatlarining uzoq muddatli qo‘shma harakatlari, muhim moliyaviy, investitsiya va texnologik zaxiralari, tijorat aloqalarini kengaytirish, jismoniy, institutsional va tartibli infratuzilmani rivojlantirish kerak bo‘ladi. Shu bois, birinchi navbatda, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirish uchun siyosiy, huquqiy va institutsional sharoitlar yaratish bo‘yicha mintaqalararo yakdillikni shakllantirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Afg‘onistondagi milliy yarashishga, barqarorlikka, uni tinch yo‘l bilan tiklashga va mintaqalararo aloqalarga jalb etishga yordamni kuchaytirish bugungi kunda dolzarbdir. Markaziy Osiyoda bo‘lgani kabi Janubiy Osiyoda ham siyosiy ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qilinadigan harakatlar maqsadga muvofiq bo‘lishi aniq.

O‘zaro aloqalarni institutsional va huquqiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini hal etishga mintaqalararo rasmiy aloqalarni faollashtirish yordam berishi mumkin. Shu maqsadda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi, Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorlik assotsiatsiyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi mavjud mintaqaviy mexanizmlardan foydalanish mumkin.

Ikkinchidan, savdo va investitsiyalarni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish zarur. Mintaqa mamlakatlari Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo va sarmoyaviy bitimlar tuzish, bank va moliyaviy aloqalarni kengaytirish hamda savdoni yengillashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish borasida sa’y-harakatlarini kuchaytirishi zarur.

O‘zbekiston tomoni Hindiston bilan imtiyozli savdo va investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va taqdirlash bo‘yicha bitimlar hamda Pokiston bilan imtiyozli va tranzit savdo bo‘yicha bitimlar ustida ishlarni boshlab yuborgan.

2020 yil fevral oyida energetika, farmatsevtika, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, axborot texnologiyalari va turizm sohalariga o‘zaro savdo va investitsiyalarni oshirishga ko‘maklashish maqsadida “Hindiston — Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi. Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari tashkilotlari bilan aloqalar rivojlanmoqda. Markaziy Osiyodagi ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning mintaqaviy tuzilmalarini rivojlantirish ham maqsadga muvofiqdir.

Uchinchidan, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida hamda Yevroosiyoning boshqa hududlari o‘rtasida yuk tashish vaqti va xarajatlarini kamaytiradigan ko‘p variantli mintaqalararo transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarni kuchaytirish kerak.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Pokistonning Hind okeanidagi portlariga chiquvchi “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘lining qurilishi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-sotiqda tovarlarni yetkazib berishni 30 kundan 5 kungacha qisqartiradi, shuningdek, Markaziy Osiyo va Pokiston o‘rtasidagi transport xarajatlarini 35 foiz kamaytiradi. Yuk tashish narxi qariyb 2 barobar kamayishi mumkin hamda Janubi-sharqiy Osiyo va Sharqiy Yevropa o‘rtasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya temir yo‘llari orqali yuk tashish hajmi oshadi.

Mintaqaviy transport aloqasini, O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — O‘mon transport yo‘lagi bo‘ylab yuk avtomobillari qatnovini rivojlantirish, O‘zbekiston, Eron va Hindiston o‘rtasidagi transport logistikasi aloqalari, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ham g‘oyat muhim. Ikki mintaqa o‘rtasida transport kommunikatsiyalari tizimi shakllanishi Yevroosiyoda kontinental yuk tashish hajmi o‘sishini va sharqdan g‘arbga va shimoldan janubga cho‘zilgan transport yo‘laklari kesishgan joydagi Markaziy Osiyo tranzit salohiyati mustahkamlanishini ta’minlaydi.

To‘rtinchidan, bunday keng ko‘lamli vazifalarni hal etish xalqaro hamjamiyatning faol qo‘llab-quvvatlashini talab qiladi. Hozirdanoq ikki mintaqaning ulkan rivojlanish salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qiziqqan manfaatdor tomonlarning sa’y-harakati muvaffaqiyatlarini sezish mumkin. Xususan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, YeTTB va boshqa xalqaro moliya institutlari Peshovargacha temir yo‘l qurilishini qo‘llab-quvvatlagan. Ushbu loyihani amalga oshirishda “Rossiya temir yo‘llari” kompaniyasi ham ishtirok etishga shay.

Xitoy banklari va kompaniyalari Xitoy — Pokiston iqtisodiy yo‘lagini yaratishda, shu jumladan, Pokiston temir yo‘llari va portlarini modernizatsiya qilishda ishtirok etmoqda. Ikki mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash AQSHning Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunda Fors ko‘rfazidagi arab mamlakatlari va Yaponiya ham muhim rol o‘ynashi mumkin.

Umuman olganda, Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqalararo aloqasini tiklash va mustahkamlash mintaqa davlatlarining rivojlanishi uchun sharoitlarni sezilarli darajada yaxshilashga qaratilgan. Toshkentda bo‘ladigan xalqaro konferensiya ana shu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.

Doniyor QURBONOV, 
Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi 
direktori vazifasini bajaruvchi

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing