Afg‘onistodagi zilzila qurbonlari soni 920 nafarga yetdi
Olam
−
22 iyun 2022
8407Afg‘onistondagi zilzila qurbonlari soni 920 kishiga, jarohatlanganlar esa 610 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakat rasmiylariga tayanib, mahalliy “Tolo News” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afg‘onistonni nazorat qilayotgan “Tolibon” harakati Vazirlar Mahkamasi zilzila munosabati bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan.
“Prezident saroyida Bosh vazir mulla Muhammad Hasan Oxund raisligida Paktika va Xostdagi zilzila qurbonlariga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha favqulodda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Hukumat zilzila qurbonlariga hamdardlik bildirishdan tashqari, tegishli idoralarga hududga tezkor guruhlarni jo‘natish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, halok bo‘lganlarning yaqinlariga moddiy yordam ko‘rsatish va yaradorlarni davolash choralari ko‘rildi”, deydi harakat matbuot kotibi Zabiulla Mujohid.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi jabrlanganlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berish hamda yaradorlarni tashish uchun barcha mavjud havo, yer transportidan foydalanishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lgandi va bu O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida ham sezilgandi.
Zilzila Afg‘onistonning sharqiy qismida joylashgan Paktika va Xost viloyatlarida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 255 kishi halok bo‘lgan, kamida 150 kishi jarohat olgan.
LiveBarchasi