“Adolat” SDP bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish, yuvenal adliya tizimini yo‘lga qo‘yish tashabbuskori

Jamiyat

image

Bugungi kunda yuvenal adliya voyaga yetmaganlarga nisbatan yuritilayotgan odil sudlovning umume’tirof etilgan xalqaro standarti hisoblanadi. Shu bois “Adolat” SDP mamlakatda mazkur institutni joriy etish vaqti keldi, deb hisoblaydi.

Yuvenal adliya (Juvenile Justice) – bolalar huquqbuzarligi, sodir etganligi uchun bolalarni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin jinoyat turlari va sudlar huquqbuzar bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalar tomonidan bolalarga qilinadigan muomala usullari va huquqbuzarlikning oldini olish yo‘llari kabi mavzular qamrab olinadigan keng tushunchadir.

Yuvenal adliya zamirida:

- aybsizlik prezumpsiyasi;

- voyaga yetmagan shaxs qo‘lga olingan zaxoti ota-onasi yoki vasiyni hozir bo‘lish huquqini ta’minlash maqsadida ota-onani zudlik bilan xabardor qilish;

- sud protsessi boshlanmasdan avval ularni imkoni bo‘lsa, hibsga ushlab turmaslik;

- voyaga yetmagan shaxsning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan jismoniy jazo usullarining qattiq, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni oyoqosti qiladigan barcha tarbiyaviy usullarning taqiqlanishi va boshqa shu kabi tamoyillar yotadi.

O‘zbekistonda yuvenal adliya tizimini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish uchun qator muammolar mavjudligini qayd etish kerak. Ular voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan sudlarni tashkil etish ishlari yakuniga yetmagani, bu borada davlat organlari faoliyatining huquqiy asoslari yaratilmagani va boshqa tuzilmalar bilan o‘zaro tizimli hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqilmagani, ixtisoslashgan advokatlik va ijtimoiy xodimlar korpusining shakllanmagani hamda yuvenal adliya sohasida kadrlar tayyorlashning to‘laqonli tizimi yaratilmagani bilan izohlanadi.

Bugungi kunda 60 dan ortiq davlatlarda (masalan, Fransiya, Yaponiya, Polsha) yuvenal adliya instituti mavjud.

Shulardan kelib chiqqan holda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mamlakatda bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish, yuvenal adliya tizimini yo‘lga qo‘yishni taklif etmoqda.

Partiya, shuningdek, yuvenal adliya tizimi uchun tashkillashtirilgan, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va zarur resurslar bilan ta’minlangan infratuzilma – voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshiradigan zarur organ va tashkilotlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozimligiga ham e’tibor qaratgan.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, ularning jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan tortib sud qarorlari ijrosigacha bo‘lgan butun jarayonda himoya qilish maqsadga muvofiqligi ham diqqatni tortadi.

Partiyaning mazkur tashabbusi jamiyatda qonuniylik, adolatlilik, insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish, voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida va samarali himoya qilishni ta’minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing