“Adolat” partiyasi istirohat bog‘larini xususiylashtirishni taqiqlashni taklif qilmoqda
Jamiyat
−
04 Sentabr
3006“Adolat” partiyasi istirohat bog‘larini xususiylashtirishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Bu O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining XII qurultoyida tasdiqlangan saylovoldi dasturi tashabbuslaridan biridir.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 2024 yilga kelib sakkiz mingdan oshdi. Partiya siyosiy maydonda o‘zini “chap markaz” sifatida ko‘rsatmoqda, shuning uchun o‘zining saylovoldi dasturini “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” deb nomlagan. Dasturda sud-huquq sohasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va fan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tashqi va ichki siyosatga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Saylovoldi dasturida davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida olingan daromadlarni adolatli taqsimlash, fuqarolarning daromadlariga mutanosiblikdan kelib chiqqan holda, jarimalar va boshqa huquqiy choralar miqdorini belgilash, ularning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi dolzarb masalalar o‘z aksini topgan.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini “tijorat tashkilotlari” maqomidan notijorat tashkilotlarga o‘tkazish, farmatsevtika va tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi yashirin til biriktirganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, joylarda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi ustidan nazoratni kuchaytirish, samarali qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqish kabi sohalardagi muammolarning yechimlariga alohida e’tibor qaratilgan.
E’tiborlisi, sudyalar huquqlari kafolatlarini yuqori darajada ta’minlash va ish yuklamasini optimallashtirish maqsadida “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish kabi g‘oyalar ilgari surildi. Bundan tashqari, istirohat bog‘lari va bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarni xususiylashtirishni taqiqlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun svetoforlarga maxsus ovozli moslamalarni o‘rnatish kabi takliflar ilgari surildi.
Qurultoy yakunida, bir mandatli majoritar saylov okruglari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga 75 nafar, partiya ro‘yxati bo‘yicha 100 nafar nomzodlar ro‘yxati tasdiqlangan. Muhimi, nomzodlarning 45 foizini ayollar tashkil etgani mamlakatimizda olib borilayotgan gender tenglik siyosatiga qanchalik e’tibor qaratilayotganligini ko‘rsatdi.
LiveBarchasi