Umumiy ovqatlanish sohasida bir qator muammolar aniqlandi
Jamiyat
−
14 aprel 2022
9361Adliya vazirligi umumiy ovqatlanish sohasiga oid bir qator muammolarni aniqladi. Muammolarni o‘rganish davomida davlat idoralarining statistik va boshqa ma’lumotlari hamda 2,1 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari tahlil qilingan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchidan, sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari va qoidalar eskirgan, biznes yuritish amaliyotiga mos kelmaydi. Masalan, restoran tozalash, ta’mirlash va shu kabilar ishlar uchun yopilishidan bir hafta oldin bu haqda e’lonni osib qo‘yishi kerak. Buni bajarmasa 2 mln so‘m jarimaga tortiladi.
Ikkinchidan, soliq yukining yuqoriligi umumiy ovqatlanish korxonalarining 61 foizini soliqdan qochishga undamoqda.
“Shuningdek, ko‘p soliqlar to‘lash o‘z-o‘zidan ular bilan bog‘liq soliq ma’muriyatchiligini ham murakkablashtirmoqda: korxona 6 xil vaqtda soliqlarni to‘lashi va 5 xil vaqtda soliq hisobotlarini taqdim etishi lozim. Shu sababli, umumiy ovqatlanish xizmatlari faoliyatini boshlashda respondentlarning deyarli 1/3 qismi soliq qonunchiligini tushunib olishda qiynalgan. Mazkur omillar esa, o‘z navbatida sohadagi yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqori (30-40 foiz) bo‘lishiga olib kelmoqda”, deyiladi xabarda.
Uchinchidan, tekshirish o‘tkazish holatlari juda ko‘p. Umumiy ovqatlanish korxonalarini 10 dan ortiq davlat idoralari (soliq, yong‘in nazorati, sanitariya nazorati, mehnat, ichki ishlar organlari, kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi korxonalar va b.) doimiy bezovta qiladi. Ularni eng ko‘p tekshiruvchi 3 ta idoralar (soliq, yong‘in nazorati, sanitariya nazorati) tomonidan 2020-2021 yillarda 8 mingga yaqin tekshirish o‘tkazilgan. Ya’ni, har yili o‘rtacha 14,5 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari tekshirilgan.
To‘rtinchidan, tekshirishlardagi korrupsiya holatlari. Faoliyatga oid qonun-qoidalar murakkab va tekshiruvchilar ko‘p bo‘lishi korrupsiyaga yo‘l ochib bermoqda.
“Masalan, respondentlarning 26,4 foizi (905 nafar) soliq, 20,3 foizi (697 nafar) sanitariya va 11,3 foizi (387 nafar) yong‘in nazorati organlarida korrupsiya holatlariga duch kelishganini, shuningdek, korrupsiyaning eng ko‘p tarqalgan turi davlat organlari xodimlariga bepul xizmat ko‘rsatish ekanligini ta’kidlashdi”, deyiladi vazirlik tahlilida.
Beshinchidan, infratuzilma ob’ektlariga ulanish va ularda bo‘ladigan uzilishlar. 63,4 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini boshlashda infratuzilma ob’ektlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan. Ta’minotdagi uzilishlar ham ular uchun odatiy hol bo‘lib qolmoqda. Jumladan, respondentlarning 36,3 foizi (766 nafari) suv ta’minotida, 35,2 foizi (742 nafari) gaz ta’minotida, 28,5 foizi (602 nafari) elektr ta’minotida qiyinchiliklarga yo‘liqishmoqda.
Oltinchidan, ishchilarni norasmiy yollash. Odatda, restoran, kafe va oshxonalarda oshpaz, ofitsiant, farrosh kabi ishchilarni mehnat shartnomasi tuzmasdan og‘zaki kelishuv bilan ishga oladi.
“So‘rovda ishtirok etgan korxonalar o‘z ishchilariga oyiga o‘rtacha 1,8 mln so‘m ish haqi to‘lab kelayotganligini inobatga olsak, ulardagi norasmiy bandlik tufayli davlat byudjetiga 1,6 trln so‘mlik (ijtimoiy va daromad soliqlari) qo‘shimcha pul tushmasdan qolgan deyish mumkin”, deyiladi keltirilgan xabarda.
Vazirlikning qayd etishicha, keltirib o‘tilganlar asosiy muammolar hisoblanib, bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalar oldida yana boshqa to‘siqlar ham bor (oziq-ovqat mahsulotlari uchun naqd pulga ehtiyoji baland, ijara xarajatlari va h.k.).
“Mazkur muammolar sohaning to‘liq potensial bilan rivojlanishiga salbiy ta’sir etib kelmoqda. Shu bilan birga, turizm sohasida katta marralarni oldimizga qo‘ymoqdamiz. Umumiy ovqatlanish xizmatlarining sifati va rivojlanganligi xorijlik sayyohlarni albatta e’tiborini jalb etadi! Umumiy ovqatlanish sohasidagi mavjud muammolar esa „zanjir effekti“ bilan turizmning rivojini ham sekinlashtiradi”, deyiladi tahlilda.
Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etildi.
LiveBarchasi