Adliya vazirligi Gulnora Karimova saqlanayotgan hibsxonada o‘rganish o‘tkazmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova saqlanayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan umumiy rejimdagi ayollar koloniyasida tekshiruv o‘tkazmoqda. Bu haqda vazirlikning Telegram’dagi kanalida xabar berildi. Rasmiy axborotda shunday deyiladi:

"So‘nggi paytlarda turli Internet axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bugungi kunda sudning hukmiga asosan tegishli jazoni o‘tayotgan mahkuma G.I.Karimovaning jazoni o‘tash muassasasidagi shart-sharoitlar xususida bildirilayotgan turli xabarlar yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan mahkuma saqlanayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi umumiy tartibli 21-son ayollar koloniyasida o‘rganish o‘tkazilmoqda".

Adliya vazirligi o‘z rasmiy axborotida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini mazkur masala yuzasidan turli xil asossiz xabarlar tarqatmaslikka chaqirib, o‘rganishlar natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot taqdim etilishini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha hafta avval Gulnora Karimovaning advokati, Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja Toshkentga kelib, hibsxonada qolayotgan mijozining ahvoli yaxshi emasligini iddao qilgandi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Gulnora Karimova bilan uchrashgan. Suhbat chog‘ida u (G.Karimova) e’tibor va o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam uchun tashkilotning tibbiyot xodimlariga alohida minnatdorlik bildirgan.

O‘rganishlar davomida muassasa tomonidan Gulnora Karimovaning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi uchun kardiologiya, nevrologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va ginekologiya sohasida yetakchi mutaxassislar jalb qilingani qayd etilgan. Shuningdek, alohida tibbiy ko‘riklar IIV markaziy gospitalida amalga oshirilgan. Gulnora Karimova shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, tizimli asosda kerakli tibbiy preparatlarni qabul qilayotgani aytilmoqda. Bugungi kunda uning salomatligi umumiy jihatdan qoniqarli va sog‘lom ovqatlanish ratsioni tashkil etilgan, deyilgandi Ombudsman axborotida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

77

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing