Adliya vaziri 500 ming so‘m pora olgan shifokor haqidagi gapiga izoh berdi
Jamiyat
−
01 aprel 2023
11003Adliya vaziri Akbar Toshqulov shu yilning 28 mart kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda aytgan gaplariga izoh berib, ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilganini aytib o‘tdi.
Gap shundaki, Toshqulov jurnalistlar bilan muloqotda bir savolga javob berib, nima uchun 500 ming so‘m pora olgan shifokor 5 yilga, davlat mulkini talon-toroj qilgan hokim 3 yilga qamalishini tushuntirar ekan, poraxo‘rlik jinoyati kichkina summa bo‘lsa ham sanksiya jihatidan yuqori turishini, masalan, bitta shifokor "100 ming so‘m olib kelmasang, operatsiya qilmayman", desa uning oqibati yuqoriroq bo‘lishi va jamiyatga ham ta’siri katta bo‘lishini ta’kidlagandi.
Uning aynan shu izohi ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Vazir kecha, 31 mart kuni o‘zining Facebook sahifasida yuqoridagi gapi noto‘g‘ri talqin qilinganini yozdi. Unda Toshqulov jurnalistning savoliga berilgan javobida aniq sud hukmiga emas, qonunchilikdagi jazoni belgilashga asos bo‘ladigan mezonlarga to‘xtalganini ma’lum qilgan. Xususan, ta’magirlik yo‘li bilan pora olish uchun (summasidan qat’iy nazar) jazoning nima uchun yuqori berilishini hayotiy misol bilan tushuntirib berganini ta’kidlagan.
Akbar Toshqulovga ko‘ra, jurnalist misol keltirgan birinchi jinoyat, ya’ni, ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 300 baravaridan 600 baravarigacha jarimaga yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilish yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunda yetkazilgan zarar qoplanganida ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmasligi mumkin. Ikkinchi holatda, ya’ni, ta’magirlik yo‘li bilan pora olish uchun esa Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi bilan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilab qo‘yilgan.
Vazir ushbu holatda ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari intervyu konteksidan yulingan noto‘g‘ri ma’lumotni tarqatayotganini iddao qilgan.
"Afsuski, ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari jurnalist savolidan qonunchilikda belgilangan jazoga munosabat bildirish qismini tushirib qoldirib, “Vazir nega 500 ming so‘m pora olgan shifokor 5 yilga davlat pulini talon-toroj qilgan hokim esa 1 yilga qamalganiga izoh berdi”, degan mavzu bilan noto‘g‘ri (konteksdan yulingan) ma’lumot tarqatishmoqda", deb yozadi u.
Shuningdek, Toshqulov sahifasiga o‘sha kungi suhbat videosini joylagan.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi