Abramovich “Chelsi”ni sotib, bir tiyin ham olmaydi. Pullar kimga tegadi?

Sport

image

Buyuk Britaniya hukumati “Chelsi”ni amerikalik tadbirkor Todd Boulining konsorsiumiga sotishga ruxsat beruvchi litsenziya berdi. Bundan oldin, klubning sotilishini Angliya Premer ligasi rahbariyati tasdiqlagan edi.  Bu haqda “Sky Sports” nashri xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, Buyuk Britaniya hukumati mamlakatdagi aktivlari muzlatilgan Roman Abramovich klubni sotishdan foyda ko‘rmasligi haqida huquqiy kafolatlar olgach, kelishuvni ma’qullagan. Bitim 4,25 milliard funt sterlingni (taxminan 5 milliard yevro) tashkil etdi. Klubni sotishdan tushgan 2,6 milliard funt sterling Britaniya hukumatiga o‘tishi va uning 1 milliard funt sterlingi darhol Ukrainaga yordam berish uchun o‘tkazilib, qolgan 1,6 milliard funt sterlingi esa hukumat nazorati ostidagi hisobda muzlatilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 fevral kuni Roman Abramovich klub boshqaruvini "Chelsi" xayriya jamg‘armasi Vasiylar kengashiga topshirgan edi. 2 mart kuni esa rossiyalik milliarder klubni sotish niyatida ekanligini ma’lum qildi. 10 mart kuni Buyuk Britaniya hukumati Abramovichga qarshi sanksiyalar kiritdi. Rossiyalik tadbirkorning Buyuk Britaniyadagi aktivlari, jumladan, futbol klubiga nisbatan cheklovlar joriy qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, Abramovich qariyb 20 yildan beri “Chelsi”ga egalik qiladi. Rossiyalik milliarder klubni 2003 yilda taxminan 190 million dollarga sotib olgan. 2021 yilda Amerikaning “Forbes” jurnali uning qiymatini 3,2 milliard dollarga baholagan — u dunyoning eng qimmat futbol klublari ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallagan. O‘tgan yillar davomida rossiyalik milliarderning tuzilmalari “Chelsi”ga umumiy qiymati 2 milliard dollar miqdorida kreditlar ajratgan.

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

486

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing