Abramovich “Chelsi” sotilgani yuzasidan bayonot berdi
Sport
−
28 may 2022
11035Rossiyalik milliarder Roman Abramovich “Chelsi”ning amerikalik tadbirkor Todd Boyeli konsorsiumiga sotilganidan keyin bayonot berdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Men “Chelsi”ni sotish niyatida ekanligimni e’lon qilganimga deyarli uch oy bo‘ldi. Bu vaqt ichida “Chelsi”ga to‘g‘ri keladigan egani topish uchun astoydil harakat qildim. Mendan keyin keladigan xo‘jayin klubni keyingi bosqichga muvaffaqiyatli olib chiqish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishi zarur edi”, degan Abramovich.
Abramovichning qo‘shimcha qilishicha, “Chelsi”ning yangi xo‘jayinlari erkaklar va ayollar jamoasini rivojlantirishga qaratilgan fikrlash tarziga ega bo‘lishi kerak.
“Bu klubga egalik qilish katta mas’uliyatni talab qiladi. Men “Chelsi”ga 20 yil oldin kelgan edim. Bu vaqt mobaynida jamoa nimalarga erisha olishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Mening maqsadim keyingi xo‘jayinlar erkaklar va ayollar jamoalarining muvaffaqiyatini ta’minlaydigan fikrlash tarziga ega bo‘lsin. Shuningdek, klubning boshqa muhim jihatlarini, masalan, akademiya va uning hayotiy faoliyatini rivojlantirishni davom ettirish istagi va ishtiyoqi ustuvor vazifa bo‘lishi kerak” degan rossiyalik tadbirkor.
Shuningdek, milliarder jamoada o‘zi bilan birga ishlagan barchaga minnadorlik bildirgan.
“Chelsi”ni yangi xo‘jayinlariga topshirar ekanman, ularga maydonda ham, maydon tashqarisida ham muvaffaqiyatlar tilayman. Ushbu klubning bir qismi bo‘lish – bir umrlik sharaf. Men barcha sobiq va hozirgi futbolchilarga, xodimlarga va “Chelsi” muxlislariga ushbu ajoyib yillar uchun rahmat aytmoqchiman”, deya yakunlanadi Abramovichning bayonoti.
Ma’lumot o‘rnida, Abramovich qariyb 20 yildan beri “Chelsi”ga egalik qilardi. Rossiyalik milliarder klubni 2003 yilda taxminan 190 million dollarga sotib olgan. 2021 yilda Amerikaning “Forbes” jurnali uning qiymatini 3,2 milliard dollarga baholagan – u dunyoning eng qimmat futbol klublari ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallagan. O‘tgan yillar davomida rossiyalik milliarderning tuzilmalari “Chelsi”ga umumiy qiymati 2 milliard dollar miqdorida kreditlar ajratgan.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi