Abdusattorov nufuzli turnirda sovrindor bo‘ldi
Sport
−
03 fevral 7850 1 daqiqa
Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha an’anaviy “Tata Steel Chess” musobaqasida o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bu haqda turnir matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 2 fevral kuni yakunlangan musobaqaning oxirgi 13-turida Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Pentala Harikrishnaga qarshi bahs olib borib, durang o‘ynadi va 8 ochko bilan turnirni 3-o‘rinda tugatdi.
“Masters” guruhida 1- va 2-o‘rinlar hindistonlik grossmeysterlar Gukesh Dommaraju va Rameshbabu Pragnandhaga nasib etdi. Har ikki hind shaxmatchisi 13 ta turda 8,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
“Challenger” guruhida qatnashgan Nodirbek Yoqubboyev turnirni 4-o‘rinda yakunladi. 13 ta turda 8 ochko jamg‘argan Yoqubboyevga kuchli uchlikka kirish uchun 0,5 ochko yetmadi. Bu guruhda g‘oliblik Chexiya vakili Van Nguyenga nasib etdi. Nguyen 13 ta turda 9,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nodirbek Yoqubboyev musobaqada yuzaga kelgan noqulay vaziyat uchun hindistonlik Rameshbabu Vaishalidan uzr so‘ragandi.
Yoqubboyev o‘yin oldidan shaxmat qoidalari bo‘yicha Rameshbabu Vaishalining qo‘lini siqib qo‘ymagandi va bu voqea muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Live
Barchasi