Abdusattorov xalqaro turnirda g‘olib bo‘lishi uchun qanday natija kerak?

Tahlil

image

Bugun, 29 yanvar kuni Niderlandiya mezbonlik qilayotgan shaxmat bo‘yicha nufuzli “Tata Steel Chess-2023” xalqaro turniri yakunlanadi.

29 yanvar kuni turnirning 12-turida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov asosiy ta’qibchilaridan biri Uesli So bilan durang o‘ynadi. Shuningdek, turnirdagi boshqa yetakchi shaxmatchilar mezbonlar vakili Anish Giri hamda norvegiyalik Magnus Karlsen ham durang o‘ynadi. Anish yaqqol mag‘lubiyatdan bir amallab qutilib qolgan bo‘lsa, Magnus g‘alabani qo‘ldan chiqarib, durangga rozi bo‘ldi.

Nodirbek ortda qolgan o‘n ikki turdan so‘ng hamon 8 ochko bilan peshqadamlikni o‘zida saqlab qoldi.  Turnir davomida Abdusattorov hali biror marta mag‘lub bo‘lmagan to‘rt shaxmatchidan biri bo‘lib turibdi.

Bugun bo‘lib o‘tadigan oxirgi 13-turda Nodirbek niderlandiyalik Yorden Van Forest bilan kuch sinashadi. 

Xo‘sh, musobaqada g‘olib bo‘lish uchun Nodirbekka qanday natija kerak?

Abdusattorov uch xil natijada qayd etsa ham chempion bo‘lishi mumkin.

G‘alaba:

- Agar Nodirbek yutsa, unda ta’qibchilari qanday natijaga erishishidan qat’i nazar, shubhasiz chempionga aylanadi.

Durang:

- Agar bugun Nodirbek durang o‘ynasa, unda ham chempionlik imkonini saqlab qoladi. Bunda 2 xil variant holat bo‘lishi mumkin:

a) Mabodo Anish Giri durang o‘ynasa yoki yutqazsa, unda Nodirbek chempion bo‘ladi;

b) O‘yinda Anish Giri g‘alaba qozonsa, unda Abdusattorov bilan ochkolari soni teng bo‘ladi va ikki shaxmatchi o‘rtasida tay-brekda yana qo‘shimcha blits o‘yinlar o‘tkaziladi.

Mag‘lubiyat:

Bunda ham Nodirbekda chempionlik imkoni saqlanib qoladi, ammo ehtimoli pasayadi. Variantlar quyidagicha:

a) Anish Giri yutqazsa, shuningdek, Magnus Karlsen va Uesli So yuta olmasa, unda Nodirbek chempion bo‘ladi;

b) Giri durang o‘ynasa yoxud Karlsen yoki So yutsa, unda ochkolar tenglashadi va tay-brek bo‘ladi;

s) Giri yutsa, unda u chempion bo‘ladi, Nodirbek esa 2-o‘rinni egallaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing