Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimida o‘zgarishlar bo‘ladi

Jamiyat

image

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam oluvchi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy “portret”i shakllantiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida belgilangan.

Normativ-huquq hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan qaror loyihasi bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Belgilanishicha, Nizom tegishli hududda qonunchilikda belgilangan muddatlarda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etilgan kundan boshlab amalga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar har bir mahallaning ID-raqami va hududiy chegarasi ko‘rsatilgan yagona elektron ma’lumotnomasini yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:

a) 2020 yil yakuniga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onalar hamda vasiylikka va homiylikka olingan bolalar, shuningdek, vasiylik va homiylikka muhtoj bolalar bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirib, joriy etsin, vasiylik va homiylikka tegishli bo‘lgan qog‘ozda saqlanayotgan ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirilishini;

davlat va xususiy umumta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan yagona axborot tizimini joriy etsin, ushbu tizimga barcha davlat va xususiy umumta’lim muassasalari tomonidan majburiy tartibda zarur ma’lumotlar kiritib borilishini ta’minlaydi;

b) 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining “FHDYOning yagona elektron arxivi" axborot tizimiga ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onalar hamda vasiylikka va homiylikka olingan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali taqdim etishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi 2020 yil yakuniga qadar:

Davlat personallashtirish markazi va Davlat xizmatlari agentligi (fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari) bilan birgalikda, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan bolalarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini; 

davlat va xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘quvchilar tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan uchun yagona axborot tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin hamda ushbu tizimga xususiy, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan ma’lumotlarni doimiy ravishda kiritib borilishini ta’minlaydi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

2020 yil yakuniga qadar qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan davlat, xususiy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarning talaba (o‘quvchi)lari to‘g‘risida va ularning o‘qish jarayoniga tegishli boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantiradi;   

2020 yil 1 noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan barcha davlat, xususiy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari tomonidan berilgan diplomlar bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirish ishlarini yakuniga yetkazadi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan davlat, xususiy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari, shuningdek, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarning talaba (o‘quvchi)larini o‘qishga qabul qilishdan boshlab ta’lim muassasani bitirguniga qadar (o‘qishga qabul qilish, yo‘nalishlar (muassasalar) orasida ko‘chirish, akademik ta’til berish, talabalar safidan chiqarish va h.z.) tegishli buyruqlar va boshqa hujjatlar faqatgina yagona elektron ma’lumotlar bazasida shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar barcha jismoniy shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami biriktirilishini hamda ushbu ma’lumotlarning Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashuvini to‘liq yakunlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam oluvchi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy “portret”ini shakllantirib, tahlil qilsin, zarur hollarda oilalarning muhtojlik mezonlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi;

ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam oluvchi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy “portret”ini hududlar va tuman (shahar)lar kesimidagi tahlillar asosida ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larini hududlar va tuman (shahar) mahalliy byudjetlar kesimida rejalashtirish mexanizmini takomillashtiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing