Aholimizning 75 foizida ortiqcha vazn bor – Prezident shifokorlarga yangi mas’uliyat yukladi
Jamiyat
−
18 mart 2022
5674To‘g‘ri ovqatlanmaslik va harakatsizlik oqibatida, bugungi kunda O‘zbekiston aholining 75 foizida ortiqcha vazn bor, 30 foizida esa xolesterin va qon bosimi yuqori. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida so‘z ochib, aholining sog‘lom turmush darajasini oshirishda, to‘g‘ri ovqatlanish va sport bilan muntazam shug‘ullanishida shifokorlarning shaxsiy javobgarligi belgilanishini ma’lum qildi.
“Men sizlardan sog‘lom turmush tarzi orqali, kasallikning oldini olishga ko‘proq e’tibor berishingizni so‘rayman. Chunki, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanadigan odam, hech qanday davoga muhtoj bo‘lmaydi”, deydi Prezident.
Davlat rahbari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlarini keltirdi. Unga ko‘ra, inson salomatligi 19 foiz tashqi muhitga, 20 foiz – genetik omillarga, 9 foiz – sog‘liqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bog‘liq.
“Afsuski, to‘g‘ri ovqatlanmaslik va harakatsizlik oqibatida, bugungi kunda aholimizning 75 foizida ortiqcha vazn borligi, 30 foizida esa xolesterin va qon bosimi yuqori ekani, barchamizni o‘ylantirishi kerak.
Shuning uchun, joriy yildan boshlab, 17 mingdan ziyod tibbiy brigada, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi. Reyting degani shuki, endi tibbiyot xodimlari o‘z hududida aholi sog‘lig‘ini saqlash va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha o‘ziga majburiyat oladi”, deydi Prezident.
Bunda, ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ular natijasida infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlari, asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanadi, yil yakunida esa, har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar beriladi.
Bu tajribani joriy yilda Olmazor tumanidagi 11 ta, hamda Uychi tumanidagi 12 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda boshlaymiz. Ushbu tajriba yakuni bo‘yicha, bu yangi tizimni 2023 yildan boshlab barcha hududlarda joriy qilish yuzasidan tegishli qaror qabul qilinadi.
O‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun, alohida “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
LiveBarchasi